Johiliya

Johiliya (Arabcha — bilimsizlik holati, jaholat) — arablar tarixining islomdan ilgarigi davriga berilgan nom. Asosan, odamlar hayotida Iso (as) bilan Muhammad (as) oralig’idagi payg’ambarsiz o’tgan davr tushuniladi. Johiliya tushunchasi Qur’onning bir necha suralarida uchraydi. «J-h-l» o’zakli «johiluna», «yajhaluna» shaklidagi so’zlar ham yana bir qancha suralarda keladi. Ularning barchasi malina suralaridan ekanligi, Johiliya so’zi 622 yil (Hijra)dan oldingi zamon uchun ishlatilganiga dalildir. Johiliya atamasining paydo bo’lishiga ob’yektiv sabablar bor edi. Zero Islomdan oldingi arablarning ko’pchiligiga «jahl» tuyg’usi xos edi. Bu boshqalarga nisbatan beshafqat va vahshiyona munosabatda bo’lishda o’z ifodasini topardi (qasos olish zarurati, go’dak qizlarni tiriklayin ko’mish, o’zga qabila vakiliga dushman sifatida qarash va boshqalar). Islomdan ilgari Arabistonda qonunsizlik, axloqsizlik, zo’ravonlik hukm surgani uchun ham keyingi avlod o’sha davrni haqli ravishda Johiliya deb atagan. Bundan tashqari Johiliya davri arablarining diniy tasavvurlari ham kam taraqqiy qilgan, sodda holda bo’lgani ma’lum. Ular asosan «vasaniya»da, ya’ni ko’pxudolikda bo’lganlar. Qadim zamonlardan beri barcha arablar uchun Makka shahridagi Ka’ba ibodatxonasi muqaddas hisoblangan. Xudolar panteoniga aylangan bu maskanda 300 dan ortiq sanam qo’yilgan edi. Xubal hamda «Alloh qizlari» nomini olgan al- Lot, Manot va al-Uzza shu sanamlarning eng mashhurlari edi. Ba’zilar «Alloh» sanamiga sig’inardilar. Ammo u islomdagi Allohdan farq qilar, maqomi jihatidan Yaxve, Zevs, Yupiter kabi bosh xudolarga teng qo’yilgan bo’lsada, mavhum va ko’z ilg’amas balandlikda deb tasavvur qilingani uchun uning ismi bilan bog’liq ibodat muntazam ado etilmas edi. Johiliya arablarining ko’pchiligi narigi dunyoga ishonmasdilar: faqat bu dunyo bor, yashaymizu — o’lamiz. Bizning taqdirimizni dahr (vaqt) hal qiladi, deb fikr yuritardilar (Josiya surasi, 24). Islom g’alabasidan so’ng «daxriy» so’zining «mo’min»ga nisbatan antonim sifatida ishlatilganini shu bilan izohlash mumkin. Alloh to’g’risida muayyan tushunchaga ega bo’lgan holda unga boshqa xudolarni sherik qilganlari sababli Johiliya arablari «mushrik»lar degan nomni oldilar.