JO’KA
JO’KA (Tilia) — jo’kadoshlar oilasiga mansub buta va daraxtlar turkumi. O’zbekistonda 9 turi o’stiriladi. 3 turi — yirik bargli Jo’ka, mayda bargli Jo’ka va yuraksimon bargli Jo’ka dorivor hisoblanadi. Ular bo’yi 25 metrgacha keladigan daraxtlardir. 300-400 yil o’sadi. Barglari uzun bandli, ketma-ket joylashgan. Gullari tarkibida efir moyi, S vitamin, karotin va boshqa moddalar bor. Quritilgan bargi va preparatlari terlatuvchi dori sifatida, shuningdek, damlamasi og’izni chayqash uchun ishlatiladi. Yog’ochi oq, yumshoq bo’lib, mebel, faner va boshqalar tayyorlashda ishlatiladi.