Jom jangi

Jom jangi (1528.24/28.9)- Shayboniy sultonlar bilan safaviylaraan bo’lgan Eron shoqi Taxmasp I qo’shinlari o’rtasida Jom viloyati (Xuroson) ning Xargerd (Xusravjird) nohiyasiga qarashli Zurobod mavzeida sodir bo’lgan jang. Shayboniylar Eronga qilgan yurishlariga diniy tus berib, shialarga qarshi g’azot e’lon qilganlar. Natijada qo’shin tarkibida savobtalab darveshlaru ruhoniylar, olimlaru san’at ahllari, kosib- hunarmandlaru dehqonlar ham qo’shilib, jami 105 ming kishini tashkil qilgan. Shoh Taxmasp I qo’shini 24 ming jangchidan iborat bo’lgan. Jang shu kunning peshinigacha davom etgan, Safaviylar yengilib, Taxmasp 1 oz sonli askarlari bilan jang maydonidan qochgan. Biroq g’alaba nashidasini barvaqt surishga kirishib ketgan Shayboniylar qo’shini o’lja izlash uchun tarqab ketgan. Shunda, Iskandar Munshiyning yozishiga ko’ra, Safaviylarning 3 ming nafar otliq qo’shini (shundan 1700 tasi qurchilar) Ubaydullaxon va Ko’chkunnixon rahbarlik qilayotgan Shayboniylar qo’shinining markaziga to’satdan zarba berib, raqiblarini parokanda qilib yuboradi. Shayboniy sultonlar jang maydonini tashlab qochadi. Minglab kishilar qilich zarbidan va yana qanchalari daryoga cho’kib, ko’plar esa tog’u dashtlarda adashib halok bo’ladi. A.Axmedov B. A., Istoriya Balxa, T., 1982.