Jonatan
Jonatan — kechpishar olma navi. Amerikadan keltirilgan. Jahon sortimentidagi asosiy navlardan biri. Daraxti o’rta bo’yli, shox-shabbasi keng. Ko’chati o’tqazilgach, 5-yili hosilga kiradi. Aprelning o’rtalarida gullaydi. Mevasi o’rtacha (100-120 gramm), yumaloq- cho’ziq, sirti tekis, och qizil rangda. Eti sarg’ish, shirin, sershira, xushbo’y. Tarkibida 16,9% quruq modda, 12,2% qand, 0,5% kislota, 6,8 mg% vitamin S mavjud. Mevasi avgust oxirida etiladi, noyabr oxiri — dekabr boshlarigacha yaxshi saqlanadi. To’liq hosilga kirganda tupidan 150-200 kilogramm hosil olinadi. Sovuqqa chidamli. Unumdor tuproqlarda va yaxshi parvarish qilinganda mo’l hosil beradi. Ayrim vaqtlarda mevasi saqlanganda dog’lar hosil bo’lib, mazasi, ko’rinishi o’zgaradi. Daraxti unshudring bilan kasallanadi. 1963 yildan O’zbekistonning barcha viloyatlari uchun rayonlashtirilgan.