Jonglyorlik
Jonglyorlik (lotincha Joculator — qiziqchi)— tsirk san’ati janri. Mahalliy xalqlarning urf-odatlari bilan bog’liq ravishda rivoj topgan. Kichik sahna tomoshalari ko’rsatishdan tashqari hikoyachilik, xonandalik, soz chalish, fokus ko’rsatish va boshqa;ar bilan shug’ullanilgan. Ijrochi (jonglyor) turli buyumlar (3 tadan ortiq) ni ma’lum maromda otib, ilib olib o’ynaydi va hokazolar. Jonglyorlik ko’p jihatdan balansirlik (muvozanat saqlash), ekvilibristika, akrobatika, masxarabozlikka qo’shilib ketadi. Misr, Yunoniston, Rim va Markaziy Osiyoda qadimdan ma’lum bo’lgan. O’zbek tsirkida ko’za o’yin, lagan o’yin, likob o’yin, pichoq o’yin, halqa o’yin va boshqalar qadimdan mavjud. O’zbek san’atkorlari bu o’yinlarni ko’pincha raqs bilan ko’rsatadilar. Qodir G’ulomning tuya ustidagi akrobatik tomoshalarida, F. Sharifboyev va boshqalar ijodida (Masalan, «lagan o’yin») Jonglyorlik elementlari ko’p bo’lgan. Gardishga piyola, kosalarni piramida shaklida taxlab qo’l bilan aylantirish (Masalan, Abdullayev, Buxoro), katta xumlarni boshda, orqada ko’tarib pichoqlar bilan murakkab mashqlarni bajarish kabi Jonglyorlik dasturlari milliy xalq tsirkida rivoj topgan.