Jonlantirish
Jonlantirish (adabiyotda) – istiora turlaridan biri, odamlarga xos sifatlarni jonsiz hodisa va buyumlarga ko’chirish. Jonlantirish inson tafakkuri bilan bog’liq. Inson voqelikdagi narsa va hodisalarni qiyoslash, o’xshatishlar, bo’rttirishlar orqali jonliroq va aniqroq tasavvur qilishga, aniq, ilmiy tafakkur qilish bilan birga badiiy fikrlashga ham intiladi. Shuning uchun Jonlantirish faqat badiiy asarlarda emas, jonli tilda ham uchraydi: «dengiz hayqiradi», «daraxt yig’laydi» va boshqalar. Jonlantirish o’zbek adabiyoti tarixida 2 xil ko’rinishda namoyon bo’lgan: tashhis (shaxs bilan bog’liq) — shaxsga xos sifatlarni jonsiz narsalar va hodisalarga berish: intoq (nutq bilan bog’liq) — narsa va hodisalarni nutq egasi qilib ko’rsatish. Jonlantirish ertak va masallarda, shuningdek, munozaralarda keng qo’llaniladi. Masalan, Gulxaniyning «Zarbulmasal»ida, Solohiyning «gulbulbul»ida, Majlisiyning «Qissai Sayfulmuluk» asarlarida Jonlantirishning har ikki turi ko’p uchraydi. Hozirgi o’zbek adabiyotida ham Jonlantirishning ajoyib namunalari mavjud.