Jons (Jones) Inigo
Jons (Jones) Inigo (1573.15.7 -London — 1652.21.6) — ingliz me’mori. Me’morlikni Italiya va Frantsiyada (1596 va 1614 yillar oralig’ida) o’rgangan. 1615-43 yillarda qirolga qarashli binolarning bosh nazoratchisi. Jons o’z qurilishlarida (Londondagi Uaytxoll saroy ansambli loyihasi, 1619-22; faqat «banket» zali loyihasi yaratilgan. Grinvichdagi qirolicha villasi, 1616— 35; kentdagi Kobemxoll saroyining Markaziy qismi, 1620 va boshqalar) mujassamot yorqinligi va salobatli shakllarning oddiyligiga e’tibor qilgan. Me’morlikda mumtoz mavzulardan keng foydalanishi va o’ziga xos ijodi bilan ingliz klassisizmi yaratilishiga ta’sir etgan. Shuningdek, teatr rassomi sifatida ham faoliyat ko’rsatgan.