Jonuzoqov To’raqul

Jonuzoqov To’raqul [1893, Jambul shahri (Avliyoota) — 1921.18.11, Farg’ona vodiysi]— Turkiston ASSR MIK raisi o’rinbosari (1920), istiqlolchilik harakati g’oyaviy rahbarlaridan biri. Rustuzem maktabida o’qigan. 1909 yilda Turkiston general-gubernatorligida tarjimon. O’lkada sovet rejimi o’rnatilgach, dastlab sho’ro idoralarida ishladi. Boku shahrida o’tkazilgan Sharq xalqlari 1-qurultoyida (1920 yil, 1-7 sentabr) qatnashib, targ’ibot va harakat kengashiga a’zo etib saylandi. Qurultoydan so’ng sovet tuzumidan norozi bo’lib, bolsheviklar partiyasiga qarshi kurash e’lon qilgan 40 nafar delegat safida bo’ldi. 1920 yil kuzida istiqlolchilar tomoniga o’tdi. Shermuhammadbek boshliq istiqlolchilar qarorgohida bo’lib, uning harbiy shtabida mafkuraviy ishlarga rahbarlik qildi. Jonuzoqov tayyorlagan maxsus varaqa va murojaatnomalar Farg’ona aholisi hamda istiqlolchilar o’rtasida tarqatildi. 1921 yil iyunida Andijon uezdiga bordi. Isroil qo’rboshi guruhida bo’lib, tashkiliy va g’oyaviy yordam ko’rsatdi. Kanaev taxallusi ostida qizil armiya jangchilari orasida istiqlolchilik harakatining asl mohiyatini tushuntirish borasida ish olib bordi, natijada ko’pgina rus zobitlari va askarlari bosqinchi qizil armiyani tashlab ketdi, ayrimlari istiqlolchilar tomoniga o’tdi. Jonuzoqov Samarqandda Turkiston Milliy birligi 6-Kongressini (1921 yil 5-7 sentabr) tayyorlash va o’tkazishda faol ishtirok etdi. Validiy va Munavvarqori Abdurashidxonov bilan birga Turkiston Milliy birligining bayrog’ini tayyorladi. Jonuzoqov qizil askarlar bilan bo’lgan to’qnashuvlarning birida o’ldirildi. Ad.: Validiy , Bo’linganni bo’ri yer (xotiralar), T., 1997; Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar, T., 2000; O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Turkeston v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T., 2000. Qahramon Rajabov.