JO’RCHI

JO’RCHI, kal jurchi (Neophron percnopterus) — qarchig’aylar oilasiga mansub yirtqich kush. Bo’yi 60-70 santimetr, vazni 2,5 kilogrammcha. Janubiy Yevropa, Afrika, Hindiston va Osiyoning g’arbiy qismida yashaydi. O’zbekistonda tog’ etaklari va Qarshi cho’lida uchraydi. Tuxum qo’yish davrida tog’, qir va jarliklarda, boshqa davrda esa ochiq tekisliklarda, shahar va qishloqlarda yashaydi. Qoya va jarlikka in quradi. Aprel—mayda 2 ta tuxum qo’yadi. Tuxumini 40 kungacha bosib yotadi. Jo’jalari iyul—avgustda uchirma bo’ladi. Jo’rchi asosan, o’limtiklar va har xil tashlandiqlar bilan oziqlanadi.