Jo’ybor xojalari

Jo’ybor xojalari, Jo’ybor shayxlari — naqshbandiylik tariqatining vakillari. Ularning Jo’ybor xojalari nomini olishi Xoja Muhammad Islomning bobosi Xoja Muqammad Yahyo Buxorodagi Jo’ybor degan yerga ko’chib kelishi bilan bog’liqdir. Jo’ybor xojalari o’zlarini Islom Dinini targ’ib qilish uchun Makkadan Nishopurga, undan Buxoroga kelgan Imom Ali Murtazo avlodi deb hisoblaganlar. Jo’ybor xojalaridan Abu Bakr Sa’dga va uning avlodlariga Somoniylar davrida Buxoroning Shayx ul-islomi degan mansab beriladi. Abu Bakr Sa’dning nevarasi Muhammad Islom Jo’ybor xojalarining iqtisodiy va siyosiy jihatdan katta nufuzga ega bo’lishida asosiy rol o’ynaydi. U 16-asrning 50-yillarida Shayboniylar davlatidagi toj-taxt uchun bo’lgan kurashlarga aralashib, o’z muridi Abdullaxon II ning taxtga chiqishiga yordam beradi. Bu davrga kelib Jo’ybor xojalariga Buxorodagi Sumiton qishlog’i in’om etiladi. Jo’ybor xojalarining ota-bobolari Buxorodagi Chor Bakr mozoriga qo’yilganligi uchun 16-asrdan boshlab Jo’ybor xojalari bu joydagi qabrlar ustiga hashamatli maqbara qurib, ziyoratgohga aylantirishgan. Bu ziyoratgohlar katta vaqf yerlariga ega bo’lib, ularga Jo’ybor xojalari merosxo’rlar tariqasida egalik qilishgan va bu yerlar Jo’ybor xojalari xo’jaligining rivojlanishiga asos bo’lib xizmat qilgan. Katta lavozim, vaqf daromadlari va boshqalar tufayli Jo’ybor xojalari tez orada boyib ketadilar. Jo’ybor xojalari katta yer-mulkka, yuzlab qullarga, ko’plab chorva mollariga, sug’orish inshootlariga, savdo korxonalariga ega bo’lganlar. Ularning savdo karvonlari 16-asrning 2-yarmidayoq xorij bilan savdo aloqalari olib borgan. Mustahkam iqtisodiy poydevorga ega bo’lgan Jo’ybor xojalari Shayboniylar davlatining siyosiy hayotida juda katta rol o’ynagan. Ingliz sayyohi A. Jenkinson 1559 yilda Buxoroda bo’lib, bu yerdagi ruhoniylarning rahbarlari bo’lgan Jo’ybor xojalari haqida shunday degan edi: «Buxoroda diniy rahbar bor. Unga qirolga nisbatan ko’proq quloq soladilar, u o’z xohishi bilan qirolni o’rnidan olib, boshqasini qo’ya oladi». Jo’ybor xojalari, 17-asrning 1-yarmida mamlakatda paydo bo’lgan qiyin siyosiy vaziyatdan so’ng o’zlarining oldingi mavqeini yo’qotganlar. Ad.: Hofiz tanish al-Buxoriy, AB- dullanoma, 1-j. T., 1999; Vyatkin V. V., Sheyxi Djuybari, «V. V. Bartoldu turkestanskie druzya, ucheniki i pochitateli» kitobida, T., 1927.