Jo’yi Mo’liyon, Jo’yi mavoliyon
Jo’yi Mo’liyon, Jo’yi mavoliyon — Buxorodan 4-5 kilometr shimolda joylashgan qadimgi manzilgoh va ariq nomi. Jo’yi Mo’liyonda Ya. F. G’ulomov va A. Qosimzoda arxeologik tadqiqot ishlari olib borganlar (1956). Narshaxiyning yozishiga ko’ra, Ismoil Somoniy bu yerlarni xalifa al-Musta’in ibn al-Mu’tasimning lashkarboshisi bo’lgan Hasan ibn Muhammad ibn Tolutdan 10 ming dirhamga sotib olgan. Ismoil Jo’yi Mo’liyonda saroylar va bog’lar barpo qilib, uning ko’proq qismini mavoliy (Xoja, janob, valiy)larga vaqf qilgan va bu yerlar Jo’yi mavoliyon deb atalgan. Ko’pchilik xalq esa uni «Jo’yi Mo’liyon» — «Mo’liyon arig’i» deb atagan. Ismoildan keyingi Somoniy amirlari go’zalligi, toza va xushhavoligi tufayli Jo’yi Mo’liyonda o’zlari uchun bog va ko’shklar bino qilganlar. Mamlakat Somoniylar qo’lidan ketgach, Jo’yi Mo’liyon xarob bo’lgan. Ad.: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966.