Jukovskiy Nikolay Yegorovich

Jukovskiy Nikolay Yegorovich [ 1847.5(17). 1, Orexov qishlog’i, Rossiya — 1921.17.3, Moskva] — mexanika sohasidagi rus olimi, gidroaeromexanika asoschisi. Peterburg Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1894). Moskva universitetini tugatgan (1868), shu universitetda (1885 yildan), Moskva Oliy texnika o’quv yurtida ishlagan (1872 yildan). Jukovskiy qushlarning uchish dinamikasini har tomonlama tekshirgan. Jukovskiy ning aerodinamika va aviatsiya sohasidagi ishlari hozirgi aviatsiya faniga asos bo’ldi. Jukovskiy rahbarligida dunyoda birinchi aerodinamik quvur qurilgan (1902); samolyot vintlarini sinash asbobi yaratilgan. Jukovskiy samolyot qanotining ko’tarish kuchini aniqlovchi qonunni ochdi (1904); samolyot qanoti va vintlarning eng qulay shakllarini aniqlagan (1910-11). Jukovskiy rahbarligida 1904 yilda Moskva yaqinidagi Kuchina qishlog’ida Yevropada birinchi aerogidrodinamika instituti tashkil etildi. Jukovskiy eksperimental va nazariy aerodinamika fanini yaratdi, Aeroplan qanotining ko’tarish kuchini hosil qilish printsipini ochdi hamda uning qiymatini aniqlashga imkon beruvchi teoremani formula orqali bayon qildi. Jukovskiy gidrodinamika, fizika, astronomiya, matematika, gidrodinamika va gidravlika, amaliy mexanika, mashinalarni rostlash nazariyasi va boshqa sohalarga oid tadqiqotlar, universitetlar va oliy texnika o’quv yurtlari uchun mo’ljallangan klassik darsliklar muallifi.