Juma masjid
Juma masjid, Xiva juma masjidi — Xiva (Xorazm)dagi me’moriy yodgorlik (10-18-asrlar). Ichan qal’aning Markaziy qismida Oma darvoza va polvon darvozalarnn birlashtiruvchi ko’chada joylashgan. Juma masjid hakidagi ilk ma’lumot 10-asrda Xorazmga kelgan Arab sayyohlari al-Muqaddasiy (Maqdisiy) va al-Istaxriy yozmalarida uchraydi. Manbalarga ko’ra, Juma masjidning dastlabki binosi buzilib ketgan va o’rniga Abdurahmon Mehtar buyrug’iga binoan xuddi shu usulda kattaroq yangi masjid qurilgan (1788). Masjid o’ziga xos tarhi va hajmi bilan ajralib turgan. Bir qavatli bo’lib, atrofi g’ishtin devor bilan o’ralgan. Uning boshqa masjidlardan farqi qadimgi Arab me’morligiga xos uslubda (yopiq, ko’p ustunli hamda hovlisiz qilib) qurilganligidadir. Unda ayvonlar bilan o’ralgan hovli ham, ulkan peshtoq ham, gumbazli xonalar ham yo’q. Xonaqoh ichi shipdagi ikki tuynuk orqali yoritiladi. Tomi yassi, to’sinli, shipini 212 ustun ko’tarib turadi. Ustunlar 17 qatorli, oralig’i 3,15×3,15 metr. Mehrobi Janubiy devor markazida joylashgan. Tashqi devorlari oddiy bezaksiz. Bosh tarzidagi eshik yog’och o’ymakorligida ishlangan noyob namuna hisoblanadi. Ichki bezaklari sodda ganch suvoq qilingan. Mehrob ravog’ida iroqi muqarnas va ko’k rangli bo’yama naqsh (18-asrga oid) saqlangan. Ustunlar masjid tuzilishining asosini tashkil etish bilan birga uning badiiy bezagi hamdir. Ular o’ziga xos mutanosiblik va ko’rinishga ega. 212 ustundan 10-14-asrlarga oid 25 ustun eng qadimgisi bo’lib, tuzilishida bir qancha uslub namunalari bor. 10-11-asrlarga oid 4 ustun chuqur bo’rtma naqshli, kufiy xati islimiy naqsh bilan uyg’unlashgan. Unda faqih Abul Fadal Muhammad Laysi farmoni b-n qurilgani yozilgan. 11 — 12-asrlarga oid 17 ustun nisbatan sayoz o’yilgan, undagi handasiy naqshlar oralig’i uslublashtirilgan, nabotiy shakllar bilan to’ldirilgan, yozuvlari kufiy xatida bitilgan (yaxshi saqlanmagan) 15-asrga oid 3 ustun islimiy, girih naqshlar va nasx xatida hoshiya qilib terilgan. Bu uslubdagi o’ymakorlik bezaklari mehrob yaqinidagi yog’och taxtachalarda va eshik tabaqalarida uchraydi. Ustunlarning birida milodiy 1510 yil saqlangan. Ular mehrob yaqinidagi marmar taxtalar bilan bir vaqtda o’rnatilgan bo’lishi mumkin. Kichik marmar taxtada 1666 yil, ikkinchi marmar taxta yozuvidagi vaqfnomada vazir Abdurahmon amri bilan Quyuqtom va Bekobod qishloqlarida masjidga vaqf yerlari ajratilganligi va daromadni xayr-ehsonga hamda masjid zaruriyatiga sarf qilish lozimligi yozilgan (1788-89). Qolgan ustunlar Xorazmdagi turli binolardan yig’ib keltirilgan. Uzunlari masjid qurilishiga moslab qirqilgan, kaltaroqlari murabba shakldagi tosh poyustun ustiga ko’zagi va kallaklar ishlanib o’rnatilgan. Hamma ustunlar muayyan mujassamot asosida joylashtirilgan. Masjid yonidagi minora 17-asrda qulab tushgan, 18-asrda mayda pishiq g’ishtdan qayta tiklangan. Minora yuqoriga tomon ingichkalashib boradi. Tepasiga sharafa va g’ishtdan dandana xoshiya belbog’lar ishlangan. Juma masjid bir necha bor ta’mirlangan. Oxirgi ta’miri 1990 yilda Xivaning 2500 yilligi arafasida bajarilgan. Umumiy o’lchamlari: masjid — 55×46 metr, minora balandligi 42 metr. Ad.: Mankovskaya L., Bulatova V., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.