JUMRUT

JUMRUT, bo’ribag’ir (Rhamnus coriacea Kom.) — chilonjiydadoshlar (jumrutdoshlar) oilasiga mansub yirik buta yoki past bo’yli daraxt. Gullari mayda, sarg’ish-yashil, to’pguli yarim soyabon. Bargi oddiy, tuxumsimon, tuksiz, uzunligi 2-5 santimetr. Mevasi qora, danakli. May—iyunda gullaydi, mevasi iyul— avgustda yetiladi. Toshkent, Farg’ona, Samarqand viloyatlaridagi tog’li tumanlarning sernam yerlarida o’sadi. Xalq tabobatida mevasi va po’stlog’ining qaynatmasi qustiruvchi dori, surgi sifatida ishlatiladi.