Jun

Jun — 1) sut emizuvchilarning yigiriluvchanlik yoki namatlanish sifatlariga ega bo’lgan qil (tuk) qoplami; 2) Junni qayta ishlash sanoatida ishlatiladigan xom ashyo, asosiy to’qimachilik tolalaridan biri. Sanoatda ishlatiladigan Jun asosiy qismini qo’y juni tashkil etadi; shuningdek, echki, tuya, quyon, qo’tos, ot, sigir, bug’u, it va boshqa hayvonlardan olinadigan Jun ham ishlatiladi. Jun tolasining sifati uning yigirilish xususiyati, ingichkaligi, uzunligi, puxtaligi, rangi, cho’ziluvchanligi, namlik yutishi va boshqa xossalari bilan belgilanadi. Kimyoviy tuzilishi jihatidan oqsilli birikmalarga kiradi. Juzdan gazlamalar, trikotaj, gilam, texnik movut, adyol, poyabzal, namat, fetr va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi. Jonivorlardan qirqib olinadigan (qo’y, echki va boshqalar), tarab olinadigan (tuya, it, echki va quyon momig’i) yoki tullash paytida yigib olinadigan (sigir, ot) Jun tabiiy Jun, so’yilgan hayvonlar terisini qayta ishlash korxonalarida olinadigan jun zavod Jun deyiladi. Jun tolasi tangachasimon, qobiq va quvur qatlamlaridan iborat. Tangachasimon qatlam tolani tashqaridan qoplab turgan shoxsimon, yarim halqasimon va doirasimon bo’lishi mumkin. Bu qatlam tola tanasini emirilishdan saqlaydi, tolani tovlantirib turadi va tolalarning namatlanish xossasini yaxshilaydi. Qobiq qatlam Jun tolasini hosil qiladigan urchuqsimon hujayralardan iborat bo’lib, pishiqligi, qayishqoqligi va boshqa sifatlarini belgilaydigan asosiy qatlam hisoblanadi. Jun tolasi terining mahsuli hisoblanadi. Jun tolasi uzunligi va ingichkaligi muhim o’rinda turadi. Jun qatlami qildan va qil osti (tuk, tivit) qismdan iborat. Qo’y Jun tolalar tipiga qarab bir tipli tolalardan iborat bir turli va har xil tolalardan iborat bir turli bo’lmagan Junga bo’linadi. Bir turli junda tivit tolalar guruhlarga birlashib, shtapel hosil qiladi (uzun junli qo’y zotlaridagi oraliq tolalar — bir turli o’rama). Bir turli bo’lmagan Junda tivit, oraliq va o’zak tolalar o’ramachalarga birlashadi. Junning fizik xususiyatlari uning texnologik va buyumlarda ko’rimlilik sifatlarini belgilaydi (ingichkalik, uzunlik, buramdorlik, mustahkamlik, qayishqoklik va boshqalar). O’rtacha ingichkaligi (mkm): tivit tola 10-25; oraliq tola —30—50; o’zak (qil) -50 va undan ortiq; uzunligi 50 dan 300 millimetrgacha bo’lishi mumkin. Jun rangi uning qobiq qatlamida tolaning butun uzunligi yoki ma’lum bir qismida melanin pigmenti mavjudligi va uning yorqinligi (jigarrang-qora yoki sariq- qizil) bilan belgilanadi. Texnologik jihatdan har qanday rangga bo’yash imkoni mavjud oq jun qadrlanadi. Qo’y Junni tarkibidagi tolalar tipiga ko’ra bir tipdagi bir turli (mayin, yarim mayin) va turli tipdagi tolalardan iborat (bir turli bo’lmagan) (yarim dagal, dagal) Junlarga ajratiladi. Jun qirqib olingach, navlarga ajratiladi, 35-46% li sovun-soda eritmasida yuvilib, so’ngra quritiladi. Sanoatda qayta ishlash uchun asosan sof (yuvilgan) Jun ishlatiladi. Yuvilgan (sof) Jun og’irligining yuvilmagan Jun og’irligiga nisbatining foiz miqdori sof jun chiqishi miqdori deb ataladi. Yuvilib, yog’ va boshqa aralashmalardan tozalangach, mayin tolali Jundan 40-50%, yarim mayin Jundan 45-65%, dag’al Jundan 55-80% toza Jun olinadi. Mayin Jun bir turli bo’lib, tivit tolalardan iborat (ingichkaligi 18-25 mkm). Shtapeldagi tolalarning ingichkaligi va uzunligi bo’yicha bir tekisligi, tolaning uzunligi bo’yicha bir tekis buramdorligi yuqori fizik-texnologik xususiyatlarini ta’minlaydi. Rangi asosan oq rangda bo’ladi. Yarim mayin Jun — bir turli, tivit tolalardan yoki oraliq qillardan iborat (o’rtacha ingichkaligi 25— 40 mkm). Rangi ko’pincha oq rangda. Yarim dag’al Jun — bir turli bo’lmagan, tivit tolalardan, oraliq qil va oz miqdorda ingichka o’zak tolalardan iborat. Tolalarining ingichkaligi va uzunligi bo’yicha notekis tarkibga ega. Rangi oqdan qoragacha. Dag’al Jun — bir turli bo’lmagan tivit tolalardan, oraliq qildan, o’zak tolalardan iborat. Yarim dag’al jundan tolalarining ingichkaligi va uzunligi bo’yicha bir tekis bo’lmasligi bilan ajralib turadi. Bu to’rt guruh tayyorlash va sanoat davlat standartlarida navlarga (oliy 1, 2, 3, 4) ajratiladi. Yarim dag’al Jun tolalari momiq qismining uzunligi bo’yicha oliy, 1, 2, 3, 4 navlarga, dag’al Jun esa 1, 2, 3, 4 navlarga, Qorako’l qo’ylari Juni esa 1, 2, 3, navlarga ajratiladi. Echki Jun — bir turli (oq) va bir turli bo’lmagan (oq rangdan qora ranggacha) bo’ladi; bir turli bo’lmagan echki Junning asosan tiviti ishlatiladi. Tuya Jun — asosan momiqdan tashkil topadi, jigarrang bo’ladi. Jundan movut gazlama, gilam, ustki trikotaj, namat, ro’mol, poyabzal va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Mirpo’lat Qulmetov, Mahmudjon Oltiyev.