Jun gazlama
Jun gazlama — jun tolasidan to’qiladigan mato. Toza junli va yarim junli xillari bo’ladi. Toza Jun gazlamalar 100% jun ipdan to’qiladi. Junli kiyim-kechaklarning tashqi ko’rinishini yaxshilash maqsadida jun tarkibiga 6-10% gacha (umumiy og’irligiga nisbatan) paxta ipi, viskoza, sun’iy ipak, shtapel tolasi va boshqa aralashtirilgan gazlama ham toza Jun gazlama jumlasiga kiritiladi. Yarim junli gazlamalar tarkibida 85% gacha tabiiy yoki sun’iy jun bo’ladi. Iplarning sifatiga qarab Jun gazlamalar, asosan, kamvol va movut gazlamalarga bo’linadi. Kamvol gazlamalar yuqori va o’rta raqamli jun ipdan to’qiladi. Kamvol gazlama sirti tekis, ko’pincha, tuksiz pishiq, yengil, changni o’ziga kam oladi, undan tikilgan kiyim chidamli bo’ladi, Taxi tez buzilmaydi, chang va boshqa iflosliklardan oson tozalanadi. Erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari tikish uchun ishlatiladi. Ko’ylakbop, kostyumbop, shimbop, paltobop va maxsus kamvol gazlamalar bor. Jun gazlamalardan kiyim-kechak, adyol, ro’mol, gilam va boshqa mahsulotlar ham tayyorlanadi.