Jung’ariya tekisligi, Jung’ariya botig’i, Jung’ariya

Jung’ariya tekisligi, Jung’ariya botig’i, Jung’ariya — Xitoyning shimoli-g’arbidagi tabiiy viloyat. Maydoni 700 ming km2 chamasida, o’rtacha balandligi 600-800 metr. Shimolda Mongoliya oltoyi, Janubda Sharqiy Tyanshan tog’ tizmalari bilan chegaralangan. Jung’ariya tekisligi yangi tektonik cho’kish natijasida qosil bo’lib, qadimgi va yangi yumshoq yotqiziqlar bilan qoplangan. Ular orasida neftning katta zaxiralari, toshko’mir, oltin, rangli metall konlari bor. Jung’ariya tekisligining yer yuzasi past tog’lar va tepaliklardan, tog’ etaklarida o’simliksiz toshloq yerlardan, quyiroqda grunt suvlari yuzaroq yerlarda voha va sho’rxoklardan iborat. Markaziy qismida katta yerlarni cho’llar egallagan. Iqlimi mo’tadil kontinental, yozi quruq, issiq, qishi sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -20° dan -25° gacha, iyulniki 20-25°. Tez-tez kuchli shamol esadi. Yillik yog’in 150-200 millimetr, tog’larda 800 millimetrgacha. Daryo kam. Daryolar Jung’ariya tekisligining chekka qismlaridagi vohalardan o’tgach qumga singib tugaydi. Eng yirik daryolari: Manas, Urungu; shimolda irtishning yuqori oqimi. G’arbida bir necha yirik ko’l (Ebinur, Manas, Ulung’ur) bor. O’simliklari siyrak: saksovul, yulg’un, juzg’un, shuvoq, sho’rxokli cho’llarda sho’ra, cho’l botiqlarida qiyoq va qamish o’sadi. Yaylov chorvachiligi rivojlangan. Sug’oriladigan joylarda bug’doy, tariq, paxta, gaolyan (jo’xorining bir turi) yetishtiriladi.