Juravel Mixail Semyonovich

Juravel Mixail Semyonovich (1904.21.11, Cherkassi viloyati Yablonev tumani -1987.11.8, Kishinyov) — uzumchilik soxasidagi selektsioner olim, Maslovo selektsiya va urug’chilik institutini tugatgan (1930). Moldaviya Respublikasida xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1979). 1935-60 yillarda N. I. Vavilovning rahbarligida Butunittifoq o’simlikshunoslik institutining O’rta Osiyo filiali (hozirgi O’zbekiston o’simlikshunoslik ilmiy tadqiqot instituti)da ishladi. A. M. Negrul bilan hamkorlikda hosildorligi yuqori 16 yangi uzum navini yaratdi, ulardan 7 nav rayonlashtirilgan, O’zbekistonda va qo’shni davlatlarda katta maydonlarga ekiladi (go’zal qora, Jo’rauzum, Tarnoe, O’zbekiston muskati, Muskat Charos, Pobeda va boshqalar). 1960-79 yillarda Moldova uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti selektsiya bo’limi mudiri (shu davrda 11 yangi uzum navini chiqardi). Tokchilikka bag’ishlangan bir qancha darsliklar, qo’llanmalar muallifi. Yangi uzum navlarini chiqarishda erishgan yutuqlari uchun Davlat mukofotiga sazovor bo’lgan (1948).