Jurnal

Jurnal (Fransuzcha journal — kundalik daftar) — bosma davriy nashr. Axborotni tanlash, tahlil etish va baholashning asosiy vositalaridan biri. Jurnal gazeta kabi jamoatchilik fikriga ta’sir o’tkazish yo’li bilan uni shakllantirishga xizmat qiladi; omma ijtimoiy ongiga muayyan g’oya va qadriyatlarni singdiradi. Jurnallar dastlab Frantsiyada nashr qilingan. Inglizcha «Magazine», Fransuzcha «Revue», nemischa «Zei schrift», ispancha «Relista» so’zlari ham Jurnal ma’nosini anglatadi. Chop etilish muddati (davriyligi) jihatdan Jurnallar, odatda, haftada, o’n kunda, ikki haftada, oyda, ikki oyda, har uch oyda, yarim yilda bir marta nashr qilinadi. Bunday davriylik Jurnallarda turmush voqealarini kundalik gazetaga nisbatan batafsilroq va chuqurroq tahlil qilish imkonini beradi. Jurnallar mundarija yo’nalishiga ko’ra farqlanadi: ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy, ishlab chiqarish-texnikaviy, ilmiy, ilmiy-ommabop va boshqalar. Jurnallar jamiyatdagi turli yoshdagi kishilarga mo’ljallanadi. Ommaviy ijtimoiy-siyosiy va adabiy-badiiy Jurnallarda suhbat, publitsistik kuzatuv, ma’lum mavzuni sharhlovchi maqolalardan tashqari, reportajlar, she’rlar, hikoyalar, qissa va romanlar bosiladi. So’nggi paytlarda ommaviy Jurnal sahifalaridan krossvordlar, amaliy san’at asarlari, modalar, uy bekalariga maslahatlar, shaxmat etyudlari va hokazolar tobora kengroq o’rin olmoqda. Haftalik, o’n kunlik Jurnallarda chizma raem va fotosuratlardan foydalaniladi. Ilmiy Jurnallarda hajman katta maqolalar bilan birga referatlar, annotasiyalar, xulosalar, ilmiy hayotga oid ixcham xabarlar ham e’lon qilinadi. Jurnal hajmini va uni bezash unsurlarini belgilashda Jurnal mundarijasi va uning o’quvchilari doirasidan kelib chiqiladi. Odatda ommaviy Jurnallar — ijtimoiy-siyosiy va adabiy-badiiy, ilmiy-ommabop, bolalar, ayollar va o’smirlar uchun mo’ljallangan nashrlar katta hajmda chiqariladi. Jurnalchilik taraqqiyoti. Jurnalchilik tarixi Frantsiyada «jurnal de Savan» («olimlar jurnali»), («Journal des scavans», keyinroq «Journal des savants») Jurnaldan boshlanadi. Uning birinchi soni 1665 yilning 5 yanvarda bosmadan chiqqan. Unda adabiyot, falsafa, tabiiy fanlar sohasi bo’yicha Yevropaning turli mamlakatlarida nashr qilingan kitoblar haqida ma’lumotlar bosilgan. Shuningdek, shu yili, Londonda «Filosofishal tranzekshne of Royyal sosaenti» («Qirollik jamiyatidagi falsafiy o’zgarishlar») Jurnal nashr qilingan. Turli kitoblar sharhidan iborat bo’lgan bunday Jurnallar keyinroq Italiya, Germaniya, Ispaniya, AQSh, Vengriya, Rossiya singari mamlakatlarda ham paydo bo’lgan, faqat mavzular doirasi tor bulganligi uchun bu Jurnallar omma orasida keng tarqalmagan. Jurnalchilik 19-asr 2-yarmida jadal rivojlandi. Bu davrda Jurnal targ’ibotining usul va vositalarida ham katta o’zgarishlar yuz berdi. Jurnallar adadi uzluksiz o’sib bordi. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida Jurnallarning asosiy turlari shakllandi, rasmli-bezakli ommabop nashrlar yetakchi o’rin egallay boshladi. 1960 yil oxirida AQSh da 9400, Angliyada 4600, Frantsiyada 14600 (bu mamlakatda siyosiy gazetalardan tashqari, davriy nashrlarning hammasi Jurnallar ro’yxatiga kiritiladi), GFRda 2200, Yaponiyada 5800 ga yaqin Jurnal nashr qilingan. Ayrim mamlakatlarda (AQSh, Frantsiya, Angliya) Jurnallar kundalik gazetalarga nisbatan tez tarqaladi. Rasmli-bezakli ommabop Jurnallar miqdori va adadi bo’yicha AQSh dunyoda oldingi o’rinda turadi (1960 yil oxirida «The Reader’s Digest» 17,5 million; «Pazad» 8 million; «Life» 7,3 million nusxada chop qilingan). O’zbekistonda Jurnalchilik. Turkistonda davriy matbuotga 19-asrning so’nggi o’n yilligida asos solingan: 1896 yil Toshkentda «Sredneaziatskiy vestnik» («O’rta Osiyo darakchisi») Jurnalning birinchi soni bosmadan chiqadi. Keyinchalik «Turkestanskiy Skorpion» («Turkiston chayoni», 1907), «Srednyaya Aziya» («O’rta Osiyo», 1912), «Stepnie miraji», («Sahrodagi sarob», 1914) Jurnallari nashr qilinadi. Bu Jurnallarda asosan adabiy janrlarda yozilgan asarlar chop etilgan. «Srednyaya Aziya» Jurnalda Turkistondagi mahalliy aholining madaniy hayotiga oid materiallar ham o’rin olgan. Turkistonda milliy Jurnalchilik tarixiga atokli ma’rifatparvar adib va publitsist Behbudiy asos solgan. Uning muharrirligida 1913-1915 yillarda Samarqand shahrida «oyina» jurnali nashr qilingan. Mazkur Jurnal turkistonliklarni zamonaviy ilmu urfondan, ma’rifatdan bahramand etish, o’lkadagi milliy ta’lim tizimini isloh qilish kabi davr uchun dolzarb masalalardan bahs yuritgan. O’zbek tilidagi ikkinchi Jurnal «Al-isloh» nomi bilan Toshkentda nashr qilingan. 1917-18 yillarda Turkistonda ijtimoiy-siyosiy va adabiy yo’nalishdagi bir qancha yangi O’zbekcha Jurnallar paydo bo’ldi. Qo’qonda 1-soni Hamza Hakimzoda Niyoziy muharrirligida «Kengash» (keyinchalik «Hurriyat» nomi bilan chiqqan), taniqli olim va publisist Ashurali Zohiriy rahbarligida «yurt» Jurnallari nashr qilingan. Toshkentda «Chayon» (1917), «ishchilar dunyosi» (1918) kabi yangi Jurnallar chiqa boshlagan. «Yurt» va «Chayon» Jurnallari Turkiston muxtoriyati g’oyalarini qo’llab-quvvatlagan va targ’ib qilgan. «Ishchilar dunyosi» bolsheviklarning xususiy mulkni tugatish sohasidagi siyosatini tanqid qilgani uchun sho’ro hukumati tomonidan yopib qo’yilgan. 1918-24 yillar Turkistonda jami 129 nomda Jurnal va byulletenlar nashr qilingan. Ularning asosiy qismi rus tilidagi tarmoq nashrlaridan iborat bo’lib, ayrim Jurnallar bor-yo’g’i 1-2 soni chiqqan, xolos. Shu davrda o’zbek tilida nashr qilingan «O’zgarishchi yoshlar» (1922-24), «inqilob» (1922-24) va «Mushtum» (1923) Jurnallari nisbatan keng tarqalgan. Bu nashrlarda Nazir To’raqulov, Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat, Usmonxon Eshonxo’jaev, G’ozi Yunus singari iste’dodli o’zbek adiblari va publitsistlari faol hamkorlik qilganlar. 20-yillarning 2-yarmida O’zbekistonda o’zbek tilida «Yer yuzi» (hozirgi «Guliston»), «Yangi yo’l» (hozirgi «Saodat»), «Maorif va o’qituvchi», «yangi kishloq», «Alanga» kabi ijtimoiy-siyosiy va adabiy yo’nalishdagi yangi Jurnallar tashkil topdi. «Yer yuzi» o’zbek tilidagi birinchi rasmli-bezakli ommabop nashr hisoblanadi. 1930 yil boshida u 10000 nusxada chiqqan. 2-jahon urushi yillarida Jurnallar tarmog’i keskin qisqardi. Urush tugagach, ko’pchilik Jurnallar qaytadan chiqa boshladi, yangi Jurnallar paydo bo’ldi. 1975 yilda O’zbekistonda jami 134 nomda Jurnal chop qilingan. Jurnallar faoliyati ham gazetalar kabi o’sha davr tuzumi ko’zlagan siyosiy va mafkuraviy maqsadlarga bo’ysundirilgan. O’zbekistonda davlat mustaqilligi e’lon qilingach, keng ommaga mo’ljallangan mavjud Jurnallar faoliyati qayta tashkil qilindi. Respublikada jami 165 Jurnal nashr etiladi, ularning yillik o’rtacha adadi 704,7 ming nusxa (2002). Yangi ijtimoiy munosabatlarni shakllantirishda, milliy ongni o’stirishda ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy va adabiy-badiiy Jurnallar yetakchilik qilmoqda. Bu turkumga mansub «Sharq yulduzi», «Guliston», «saodat», «muloqot», «fan va turmush», «Yoshlik», «Mushtum» Jurnallari katoriga istiqlol davri Jurnallari — «tafakkur», «Sog’lom avlod uchun», «Jahon adabiyoti» qo’shildi. Bulardan tashqari, yangi ijtimoiy, iqtisodiy, moliyaviy munosabatlarni ask ettiruvchi maxsus Jurnallar — «bozor, pul, kredit», «menedjer», «Optovik», «Jamiyat va boshqaruv», «buxgalter kutubxonasi», «tijorat», «Ekonomicheskoe obozrenie» (rus va ingliz tillarida) ham tashkil topdi. Avtomobilchilar uchun mo’ljallangan «Avto-olam», «Avto Presstij» singari yangi nashrlar paydo bo’ldi, «Nash futbol» (oylik nashr) va «Prilojenie k jurnalu Nash futbol», «Presstij» va «biznes Osiyo» haftalik Jurnallari chiqmoqda. Bulardan reklama materiallari keng o’rin olgan. «Presstij» tahririyati tomonidan tayyorlanayotgan «Press TIJ-TV» haftaligi 53 ming nusxada (1999) tarqaladi. 1998 yildan respublikada «Saida» nomli rasmli-bezakli ayollar Jurnalli o’zbek va rus tillarida nashr qilinadi. O’zbekistonda ilmiy Jurnallarning keng tarmog’i mavjud. O’zbekiston Fanlar Akademiysi ilmiy tadqiqot institutlari tomonidan 12 ta ilmiy akademik Jurnal nashr qilinadi (2002). Ularda mamlakat olimlarining nazariy va amaliy tadqiqotlari, tajribalari yakunlari yoritiladi. «O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ma’ruzalari» Jurnali ilmiy akademik nashrlarning yetakchisi hisoblanadi. Jurnal sahifalarida fanning barcha sohalariga oid tadqiqotlar natijasining qisqa mazmuni e’lon qilinadi. «O’zbekistonda ijtimoiy fanlar», «O’zbek tili va adabiyoti» Jurnallari ijtimoiy fan sohalari, «Informatika va energetika muammolari», «Mexanika muammolari», «Uzbekskiy ximicheskiy jurnal», «Uzbekskiy biologicheskiy jurnal» nashrlari aniq va tabiiy fanlar tarmog’idagi ilmiy yutuqlarni aks ettiradi. «Tabiiy birikmalar kimyosi» va «Geliotexnika» Jurnallari 1965 yildan nashr etilmoqda. Ushbu Jurnallar AQShda ingliz tiliga tarjima qilib chiqariladi. O’zbekiston ilmiy Jurnallarining ko’pchiligi AQSh, Angliya, Frantsiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarning ilmiy markazlarida ham tarqaladi. Tohir Pidayev.