Juvayniy, Alouddin Otamalik ibn Bahouddin Muhammad al-Juvayniy

Juvayniy, Alouddin Otamalik ibn Bahouddin Muhammad al-Juvayniy (1226, G’arbiy Xuroson, Juvayn viloyati, Ozodvor qishlog’i — 1283, Arron) — tarixchi olim va davlat arbobi. Yoshligidan arab, fors, mo’g’ul, Uygur tillarini mukammal o’rgangan. Xurosondagi mo’g’ul hukmdorlari Qirko’z, Argun og’a va Huloku devonida xizmat qilgan. 1247— 53 yillarda Qoraqurum (Mo’g’uliston)ga borgan. Elxonlarnnng Bag’doddagi noibi (1259-83, tanaffuslar bilan). Juvayniy Mo’g’uliston, O’rta Osiyo hamda Eronning 13-asrdagi ijtimoiy-siyosiy tarixidan hikoya qiluvchi «tarixi jahonkushoy» (1260) nomli shoh asari bilan shuhrat topdi. Asar 3 qismdan iborat: 1) mo’g’ullar; ularning Chingizxon davridagi istilochilik yurishlaridan to Guyukxon davri (1246-48) gacha, shuningdek, Jo’jixon, Chig’atoy va avlodlarining tarixi; 2) Xorazmshoxlar va Xurosonning mo’g’ul hukmdorlari davridagi (1258 yilgacha) tarixi; 3) Hulokuxonning Eronni zabt etishi (1256-58), shuningdek, ismoiliylar va ularning davlati tarixi batafsil bayon etilgan. O’rta Osiyo tarixi uchun asarning 1-2 qismlari alohida qimmatga ega.