Kap-Aiten
Kap-Aiten — Gaitidagi shahar, Atlantika okeani sohilida. Aholisi 100,6 ming kishi (1995). Temir yo’l stantsiyasi. Dengiz porti (chetga kofe, shakarqand, xo’l meva chiqaradi). Qishloq xo’jalik rayoni markazi (sizal, shakarqamish, kofe, kakao, banan, tamaki va boshqalar). Kofe, kakao, shakarqamishni qayta ishlovchi korxonalar mavjud. Kap-Aiten yaqinida mis konlari bor. Shaharga 1670 yilda asos solingan. Mustamlakachilik davrida kapfranse deb atalib, San-Domingo frantsuz mustamlakasining ma’muriy markazi bo’lgan. 1807-20 yillarda «Gaiti davlati» poytaxti edi. Shahar atrofida o’sha davrlarga oid tarixiy yodgorliklardan La-Farer qalasi qoldiqlari va San-Susi saroyi saqlangan.