Karmakdoshlar

Karmakdoshlar (Plumboginaceae)— ikki urug’pallalilar (magnoliyasimonlar) sinfiga mansub ko’p yillik o’simliklar oilasi. 12 turkumi, 600 dan ziyod turi bor. O’zbekistonda 7 turkumi, 31 turi o’sadi. Gullari to’g’ri, ikki jinsli, qizil, oq, to’q havo rang, sariq, boshoqsimon yoki ro’vaksimon to’pgul hosil qiladi, gulkosachasi pardasimon, oq va och binafsha rang. Tojbargi 5 ta, pastki qismi qo’shilgan, changchisi 5 ta. Mevasi bir urug’li yong’oqcha. Bargi oddiy, ba’zan patsimon qirqilgan, cheti tekis, ketma-ket joylashgan. Karmakdoshlar, asosan, cho’llarda, sho’rxok va sernam erlarda, ekinlar orasida o’sadi. Karmakdoshlardan mahalliy xalq qadimda bo’yoq olishda foydalangan, oshlovchi modda ham olinadi.