Katmandu

Katmandu — Nepal poytaxti. Mamlakatning iqtisodiy va madaniy markazi. Baghmati daryosi sohilida, 1360 metr balandlikda joylashgan. Iqlimi mussonli, tropik tog’ iqlimi, iyulning o’rtacha temperaturasi 24,5°, yanvarniki 18,3°. Yillik yog’in 1400 mm. Tez-tez zilzila bo’lib turadi. Aholisi shahar atrofi bilan 420 ming kishidan ziyod (1990-yillar o’rtalari). Katmanduga 724 yilda asos solingan, dastlab Kantipur deb atalgan. Katmandu nomi 16-asr oxirida qurilgan Kastamandap ibodatxonasi nomidan olingan. Katmandu 12-18-asr o’rtalarigacha hozirgi Nepal hududida mavjud bo’lgan turli knyazliklarning poytaxti bo’lib keldi. 1769 yildan Nepal davlatining poytaxti. Katmandu — transport yo’llarining muhim tuguni. Havo yo’llari orqali Nepalning boshqa shaharlari, shuningdek, Hindiston, Bangladesh, Myanma, Tailand bilan bog’langan. Yengil va oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. Qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi korxona ko’p, hunarmandchilik korxonalari va ustaxonalar ham bor. Badiiy o’ymakorlik va zargarlik buyumlari tayyorlanadi. To’qimachilik, ko’n poyabzal, remont-mexanika, kulolchilik korxonalari, g’isht-cherepitsa zavodi va boshqalar mavjud. Universitet, kollejlar, Qirollik akademiyasi, Milliy, Markaziy kutubxonalar, Milliy teatr va muzey, gospital va boshqalar bor. Katmandu — Buddizm dini markazlaridan. Me’moriy yodgorliklari: Katx Mandir (Kastamandap) pagodasi (1596), saroy va ibodatxonalar majmui (15-18-asrlar), saroy (20-asr), Bhismena minorasi (1834) va boshqalar. Shahar yaqinida Bodxnatx stupasi va Svayambxunatx me’moriy-skulptura majmuasi (miloddan avvalgi 3-asr), Pashupatinatx ibodatxona majmuasi (13-asr) saqlangan.