Katolitsizm

Katolitsizm (Yunoncha katholikos – umumiy, asosiy) — xristianlikdagi asosiy oqimlardan biri. Katolitsizm diniy ta’limot va cherkov tashkiloti sifatida 1054 yilda cherkovlarning bo’linishidan keyin vujudga keldi. 16-asrda Katolitsizmdan Protestantizm ajralib chikdi. Katolik cherkovi qat’iy markazlashgan, yagona markazi Vatikan, uning birdan-bir boshlig’i — Rim papasi. Katolitsizm xristianlikning asosiy aqida va marosimlarini e’tirof etadi. Ayni vaqtda o’ziga xos aqidalari ham bor. Katolitsizm muqaddas ruh faqat Xudo-otadan emas, balki Xudo-o’g’ildan ham paydo bo’lgan, Rim papasi Isoning yerdagi noibi, u din va axloq ishlarida gunoh qilmaydi, uning hokimiyati jahon soborlari hokimiyatidan yuqori turadi deb hisoblaydi. Katolitsizm faqat muqaddas yozuv (Bibliya)ni emas, balki muqaddas rivoyatni ham diniy ta’limotning manbai deb biladi. Katolitsizmda, pravoslaviedan farqli ravishda, muqaddas rivoyatga katolik Cherkovlari jahon soborlarining qarorlari va papaning fikrlari ham qo’shilgan. Ruhoniylarning uylanmasligi, Bibi Maryam bokira bo’la turib Isoni tug’ishi, uning jismi osmonga ko’tarilib ketishi aqidasini e’tirof etish, e’tiqod timsoliga A’rof aqidasini qo’shish Katolitsizmga xos xususiyatdir. Katolitsizm uchun marosimlarni tantanali o’tkazish, jafo chekkanlarni, avliyolarni izzat-hurmat qilish xarakterlidir. Katolitsizmda ibodat asrlar davomida lotin tilida olib borilgan, II Vatikan sobori (1962— 65) ibodatni milliy tillarda o’tkazishga ruxsat bergan. Katolitsizmga ko’proq Foma Akvinskiyning diniy qarashlari asos qilib olingan. Katolitsizm jahon siyosatida muayyan rol o’ynaydi.’Katolik cherkov ko’p sonli ruhoniylar, monaxlik ordenlari, Klerikal partiyalar, missionerlik tashkilotlari va boshqalarga ega. Cherkov statistikasiga ko’ra, katoliklar 900 millionga yaqin kishi. Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Frantsiya, Belgiya, Avstriya va Lotin Amerikasi mamlakatlarida Katolitsizm hukmron diniy ta’limot hisoblanadi. Polsha, Vengriya, Chexiya, Slovakiya va Kubada katoliklar dinga ishonuvchi aholining ko’pchiligini tashkil etadi. 20-asrning 60-yillaridan Katolitsizm aqidalari, marosimlari, tashkilotlari va siyosati zamon talablariga moslashtirilmoqda.