Kataniya

Kataniya — Italiyadagi shahar va port. Sitsiliya orolining Sharqiy sohilida. Etna vulkanining etagida. Kataniya provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 330 ming kishidan ziyod (1990-yillar o’rtalari). Kataniya — transport yo’llarining muhim tuguni. O’rta dengiz sohilidagi port. Kema remonti, verf, qishloq xo’jaligi mashinasozligi, neftni qayta ishlash, kimyo va radioelektronika sanoati, oziq-ovqat, shoyi va ip gazlama, yog’ochsozlik, keramika korxonalari, vagon remonti ustaxonalari mavjud. Shaxar yakinida tabiiy gaz konlari topilgan. Universitet (15-asrdan), astrofizika rasadxonasi, vulkanologiya instituti, konservatoriya, opera teatri, botanika bog’i bor. Yunon va qadimgi Rim me’moriy yodgorliklarining qoldiqlari, qasr (14-asr), sobor (11 — 18-asrlar) saqlangan. Kataniyaga miloddan avvalgi 8-asrda asos solingan. Kataniya o’zining musiqa an’analari bilan mashhur.