Kim buyuk ingliz dramaturgi edi?
Uilyam Shekspir (1564-1616) — dunyoni toabad hayratga solguvchi mo’jizalaridan biri: oqsoch tarix zalvorli odimlar ila ilgari bosmoqda, dilbar sayyoramizning qiyofasi o’zgarmoqda, odamlarga esa bizdan bir necha yuzyilliklar muqaddam qalam tebratgan bu shoir yaratgan narsalar hali ham kerak. Insoniyat ma’naviyat bobida qanchalik ulg’ayib boravergani sayin u Shekspir ijodidagi teranliklarni shunchalik ko’p kashf etib boraveradi. Odamlar qismatidagi o’nlab, yuzlab hayotiy holatlar Shekspir tomonidan mukammal ilg’ab olingan va uning dramalarida aks ettirilgan edi. Odamlar va umuman jamiyat hayotida uchrab turadigan barcha dramatik — chigal hodisalar Shekspir tomonidan chog’ishtirish va badiiy umumlashtirishning shunday bir darajasida tasvirlab berildiki, u insonga turli zamonlarda va go’yo o’zgargandek tuyuladigan sharoitlarda o’zini va o’z hayotini tanib olish imkonini beradi. Romeo va Julyetta, Viola yoki Rozalinda, Brut va Gamlet, Qirol Lir yoki Makbet qismatidagi hayotiy vaziyatlarga tushib qolmaslik ham mumkin, biroq ularning taqdiri va kechinmalari orqali bizning shaxsiy tajribalarimiz yanadi boyiydi. Shekspir sohirona so’z sohibi edi. «Gamlet» ning birinchi sahnasida qorovullarning faqat birgina qisqa luqmasi bilan u kitobxon va tamoshabinda tashvishli tun hissini uyg’otadi, «Qirol Lir»dagi keksa qirolning dashtdagi va’zi esa bo’ron taassurotini qo’zg’atadi. Shekspir ijodidagi fojeali motivlar u taxminan umrining o’ttiz birinchi sanasida yozgan birinchi mukammal tragediyasi «Romeo va Julyeta» da yorqin namoyon bo’ladi. Fojeali hodisalar u qirq yoshlarga yaqinlashganda ijodining asosiy mazmun — mundarijasiga aylandi. U o’ttiz yettisida — «Gamlet» ni, qirqida — «Otello»ni, qirq birida — «Qirol Lir»ni, so’ngra «Makbet», «Antonio va Kleopatra», «Koriolan»ni va qirq to’rt yoshida — tragediyalaridan so’nggisi — «Afinalik Timon»ni yaratadi. Shunday bo’lsa-da, Shekspir ijodidan xalq — o’yinlari unsurlari-muqallidlik, quvnoq o’yinlar, qo’shiqlar va raqslarga ega lavhalar ham o’rin oldi. Ayrim pyesalarning namoyishi muayyan bayram sanalariga mo’ljallangandi: «Yoz kechasidagi tush» — may bayramiga, «O’n ikkinchi tun» — Mavlud bayramining oxirgi kechasiga. Komediyalarining mazmuni hamisha sevgi va do’stlik, leytmotivi esa — hayot go’zalligini sevinchli his etish, bayramona quvnoqlik. Shekspirda ikki buyuk iste’dod birlashdi; hayotdagi dramatizmni favqulodda jonli gavdalantirish qobiliyati va o’zining hayotiy qarashlarini betakror, ajoyib, shoirona shaklda ifodalash mahorati. Ta’sirchanliksiz Shekspir dramalari mavjud bo’la olmagani singari ular uning she’riyatisiz ham voqe bo’la olmasdi. Pyesalarda bu birlashuv dramatik tarzda va she’riy jihatdan mutanosib. Aytgancha, Shekspir o’z kuchini lirikada ham sinab ko’rgan. U ajoyib «Sonetlar» turkumini qoldirgan, bu mumtoz durdonalarda shoirona mahoratining o’ziga xosliklari aynihsa yaqqon namoyon bo’ladi. Shekspir jahon jamoatchiligi tomonidan hademay tugaydigan mingyillikning eng a’lo adibi sifatida tan olingan.