Kimni «hayotda va san’atda murabbiy» deb atashadi?

XX asrning boshlarida Lev Nikolayevich Tolstoy (1828-1910) ni «Hayotda va san’atda murabbiy» deb ulug’lashgan. Daho ijodkorning merosi ham hayotiy, ham ijodiy kashfiyotlari bilan hali ham o’ziga maftun etadi. Istalgan yoshdagi kitobxon uning asarlaridan o’z savollariga javoblar topadi. Tushuniksiz narsalarni teran anglab yetibgina Tolstoyning nihoyatda jonli qahramonlariga «bo’ysunish»ga, ularni chindan ham mavjud odamlardek idrok etishga to’g’ri keladi. Uning insonni, zamonlarni, mamlakatlarni, butun mavjudotni anglab yetishdagi donishmandligi ko’nglimizga yaqin kechmishlarga juda-juda mos keladi: asarlarning qahramonlari naq yonginamizda o’z umr yo’llarini davom ettirmoqdalar, ularni o’z ko’zingiz bilan ko’rishingiz mumkindek go’yo. «Urush va tinchlik» shu taxlit nihoyatda kuchli taassurot uyg’otadi. «Urush va tinchlik»da 1805-1812 yillar oralig’idagi davrga murojaat hilgan Tolstoy o’z oldiga ulkan vazifa: tarix orqali o’z zamonasini tushunish va inkishof etishni qo’ygan. San’atkor va mutafakkir Tolstoy ushbu ijodiy yumushni amalga oshirishga erisha oldimi? Shubhasiz. Epopeyada «xalq mulohazasi»ga murojaat qilishning o’ziyoq 60-yillardagi jamoatchilik fikrini junbushga keltirdi, Rossiyaning najoti xalqda degan ilg’or g’oyani ijtimoiy mustahkamlashda madadkor bo’ldi. Tolstoy «Anna Karenina» va «Tirilish» singari romanlarida zamonaning dolzarb muammolarini ijtimoiy va falsafiy aspektda hal etadi. L. N. Tolstoyning jahon adabiyotiga ulkan ta’sir ko’rsatgan ijodi butun boshli davrning ziddiyatlarini o’zida aks ettirdi.