Rus adabiyoti tarixidagi dastlabki realistik romanning muallifi kim?

Aleksandr Sergeyevich Pushkin (1799 — 1837) — yangi rus adabiyotining asoschisi, rus adabiy tilining otasi. Pushkin, ijodida shoirona shogirdlikda bitilgan ilk lirika va janub dostonlari — «Kavkaz asiri», «Bog’chasaroy favvorasi», «Lo’lilar» dostonlarining romantizmidan — realizmga tadrijotni boshdan kechiradi. «Yevgeniy Onegin» she’riy romani Pushkinning eng samimiy asari edi. V. G. Belinskiy jumladan shunday yozadi: «Bunda Pushkinning butun umri, butun ruhi, butun muhabbati; bundadir uning his-tuyg’ulari, tushunchalari, orzu-umidlari. «Onegin»ni baholash — demak, shoirning o’zini ham uning ijodiy faoliyati butun ko’lamidan kelib chiqqan holda baholamoqdir». Pushkin roman ustida sakkiz yildan ortiq ishlagan (1823-1831). Pushkin romanida — uning zamonasi, yangi XIX yuzyillik real shaxsining, qahramonlar xarakterini shakllantiruvchi konkret davr voqeligining haqqoniy tasviri, butun boshli tarixiy davr in’ikos ettirilgan, 20-yillar rus jamiyati turli-tuman qatlamlari: Peterburg «Kibor jamiyati», Moskva boylari, provintsial dvoryanlar, krepostnoy dehqonlar turmushining lavhalari tasvirlab berilgan. Pushkin XIX asr rus adabiyotining bir talay dolzarb muammolarini birinchi bo’lib o’z asarlarida talqin etadi, bular: «Boris Godunov» — xalq tarixni harakatga keltiruvchi kuch sifatida, «Mis chavandoz» — shaxs va davlat; «Belkino qissalari» — «Kichik odam» taqdiri, «Dama qarg’a» — pulning inson ruhi ustidan hukmronligi. «Mosart va Saleri», «Tosh mehmon» va boshqa kichik tragediyalarida, 30-yillardagi falsafiy lirikasida u borliqning tub masalalari: ishq-muhabbat, ijod, o’lim mavzulariga murojaat etadi. Umumbashariy muhabbat bilan uyg’unlashgan Pushkin she’riyati — rus va jahon adabiyotidagi uyg’un go’zal san’atning eng buyuk misolidir.