KO’HAK
KO’HAK (forscha — kichik tog’) — zarafshon tizmasidagi kichik tog’, tepalik. Samarqand shahri yaqinidagi hozirgi Cho’ponota tepaligining qadimgi nomi. Dastlab Yoqut Hamaviy, Istaxriy, Ibn Havqal asarlarida Jabali Ko’hak («Ko’hak tog’i») nomi bilan tilga olingan. Ko’hak etagidan oqib o’tgan Zarafshon daryosi ham o’rta asrlarda shu tepalik nomi bilan Ko’hak daryosi (obi Ko’hak, Ko’hak suyi) deb atalgan. Tog’dan chiqqan gil qadimdan kulolchilikda ishlatilgan.