Koriz

Koriz (forscha), Kohrez-yer osti suvlarini yig’ish va ularni yer yuzasiga chiqarish uchun quriladigan yer osti inshooti; aholini suv bilan ta’minlash va sug’orish maqsadlarida qo’llaniladi. Koriz Yaqin Sharq, Janubiy-Sharqiy Osiyoda tarqalgan. O’rta Osiyoning tog’li va tog’ oldi zonalarida uchraydi. XX asrning 20-yillariga qadar O’rta Osiyoda Koriz suvlaridan ekinlarni sug’orishda foydalanilgan. Koriz trassasi belgilab chiqilgach shu trassa bo’ylab har 5-40 metrda quduqlar kavlangan. Quduqlarning chuqurligi 14-15 metrdan 60-70 metrgacha borgan. Quduqlar suvli qatlamga tutashadigan lahim (tunnel) orqali bir-biriga birlashtirilgan. Lahimning balandligi 1,5 metr, eni 1 metr bo’lib, devorlari yog’och yoki toshlar bilan mustahkamlangan, uzunligi joy nishabligiga qarab bir necha kilometrgacha cho’zilgan.