Ku-Kluks-Klan

Ku-Kluks-Klan (inglizcha Ku-Klux-Klan)-AQShdagi o’ta o’ng tashkilotlar nomi. Oq irqning hukmronligi, irqchilik kabi ekstremistik g’oyalar tarafdori bo’lgan. “Lind sudi”ning yuzaga kelishini ham mazkur tashkilot nomi bilan bog’lashadi. Fuqarolar urushidan so’ng janublik sobiq askarlardan tuzilgan. Atamaning kelib chiqishini ikki xil talqin qilishadi. Birinchisiga ko’ra, miltiqni o’qlaganda chiqqan ovozga taqlidan qo’yilgan, ikkinchisiga binoan, yunoncha kuklos-doira, g’ildirak va inglizcha clan-urug’ jamoasi so’zlaridan kelib chiqqan. Odatda, jinoyatga qo’l urishdan oldin kulgili, lekin mashhur shaklda ogohlantirish yuboriladi. Mamlakatning ayrim qismlarida eman daraxti bargi, boshqa joylarda qovun yoki apelsin urug’i jo’natilgan. Bunday ogohlantirishni olgan shaxs yo avvalgi qarashlaridan voz kechisi, yo mamlakatni tark etishi kerak edi. Ogohlantirishga e’tiborsizlik bilan qaragan kishini muqarrar o’lim kutardi. Ilk bunday yashirin tashkilot 1865 yil 24 dekabrda Tennesi shtatining Pyulaski shahrida sudya Tomas L.Jons va 6 nafar armiya veteran tomonidan tuzilgan. 1- Ku-Kluks-Klan AQShning janubida 1860 yillarida keng avj olgan, lekin 1870 yillar boshida harakat o’z faoliyatini tugatgan. 2- Ku-Kluks-Klan mamlakatning butun hududi bo’ylab 1920 yillar o’rtalarida keng tarqaldi. 3- Ku-Kluks-Klan 2-jahon urushidan so’ng kam sonli etnik va siyosiy birliklarning fuqarolik huquqiga ega bo’lish harakatiga javoban yuzaga keldi.