Lakshmi Bai

Lakshmi Bai (asl ismi manikarnika) (1835, Banoras — 1858, Gu-Valiyor) — Jhansi rojaligi Malika (Rani)si, Hindiston milliy qahramon ayoli, Hindiston xalq qo’zg’oloni ishtirokchisi. Eri Jhansi rojasi Gangadhar Rao vafot etgach, hokimiyatni idora etgan. 1854 yilda inglizlar rojalikni bosib olishgan. 1857 yil iyunda Jhansi sipohiylari qo’zg’olon ko’tarib inglizlarga katta zarba berishgan. Lakshmi Bai rojalikni o’z qo’liga olgan, ingliz mustamlakachilariga o’zining ular xizmatida ekanini, rojalikni qaytarib berajagini bildirgan, ammo mustamlakachilar uni inglizlar o’limida ayblaganlar. Bundan g’azablangan Lakshmi Bai qo’zg’olonchilarning bir qismiga bosh bo’lib, Jhansini inglizlardan himoya qilgan. Tantia Topi qo’shinida suvoriylarga bosh bo’lib, mustamlakachilar armiyasi ustidan bir necha g’alabaga erishgan. Guvaliyor yaqinidagi jangda halok bo’lgan.