Landau Lev Davidovich
Landau Lev Davidovich [1908.9(22). 1, Boku — 1968.1.4, Moskva] — rus nazariyotchi fizigi, akademik (1946). Mehnat Qahramoni (1954). Ilmiy ishlari kvant mexanika, o’ta oquvchan suyukliklar nazariyasi, o’ta o’tkazuvchanlik, qattiq jism fizikasi, atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi, plazma, kvant elektrodinamika, astrofizika va boshqa sohalarga oid. Metallarning elektron diamagnetizmi nazariyasini yaratgan (1930, Landau diamagnetizmi), rus olimi E. M. Lifshis bilan birgalikda ferromagnetiklar va ferromagnit rezonansning domenli tuzilishini ishlab chiqqan (1935). Geliyning o’ta o’quvchanligini nazariy jihatdan isbot qilgan (1941). U elektron plazmalari xususiy tebranishining so’nish dekrementini ifodalovchi effektni fanga kiritgan (bu effekt «Landau so’nishi» deb nom olgan). Rus olimi V. L. Ginzburg bilan hamkorlikda o’ta o’tkazuvchanlik nazariyasini yaratgan (1950), rus olimlari A. A. Abrikosov, I.M Xalatnikov va I. Ya. Pomeranchuk bilan hamkorlikda kvant elektrodinamika asoslarini tekshirgan (1954-55). Ikki komponentli neytrino nazariyasini (1957), Fermi-suyuqlik nazariyasini yaratgan (1956-58). Nobel mukofoti laureati (1962).