Leonardo da Vinchi kim?

Leonardo da Vinchi barcha zamonlarda yashab o’tgan eng mashhur kishilar orasidagi bag’oyat dongdor zotdir. Ehtimol, tarixda hech bir kishi bu zoti sharif qilganchalik ishlarni qila olmagan bo’lsa kerak. Leonardo 1452-1519 yillarda yashagan. U ajoyib musavvir, haykaltarosh va me’mor bo’lgan, u shuningdek ko’priklar, yo’llarni loyihalashtirgan, qurollar, liboslar va ilmiy asboblarga hayot baxsh etgan edi. U, garchi o’sha zamonlardagi materiallardan yasalishining iloji bo’lmasa-da, suv osti apparatini ixtiro qildi va parvoz qilish apparatini yasadi. U odamzot tana tuzilishiga oid muhim kashfiyotlar qildi. Leonardo fanga ham, san’atga ham yagona nuqtai nazardan yondashardi. Muammoni tadqiq etganidan keyyn u eng ma’qul qarorga kelish uchun bir talay qoralamalar chizar edi. Leonardo mexanizmni loyihalashtirish va rassomchilik o’rtasida tafovut ko’rmadi, u o’zini qiziqtirgan barcha sohalarning bilimdoniga aylandi. Leonardo yigirma yoshlarga to’lgan kezlaridayoh musavvirlar o’rtasida usta sifatida tan olingan edi. Uning asarlari boshqa rassomlarga katta ta’sir ko’rsatdi, chunki u har doim qandaydir yangi narsani izlardi, masalan, nur ko’lanka taqsimlanishidan — nur va ko’lanka o’rtasida tazod-zidlashtirishni yaratish texnikasidan foydalangan. Leonardoning eng buyuk asarlaridan biri – «Sirli oqshomlar» — Milanda chizilgan edi. Bu, dunyo e’tirof etgan durdonalardan. Bafurja ishlagan Leonardo qurib ulgurmagan suvoqqa moybo’yoq bilan suvrat chizardi. Afsuski, zikr etilmish kartina yemirila boshlagan va uning bugungi holati jiddiy tashvish tug’dirmoqda. Leonardo odamzot tanasini o’rganish bilan qiziqdi, tanadagi asosiy qismlarning qay tariqa birlashganini bilib olish maqsadida murdalarni yorib ko’rishni amalga oshirdi. U, shuningdek, biologiya sohasida ham bir talay kashfiyotlar qilgan. Albatta, dunyodagi eng mashhur kartina — «Mona Liza», — Leonardo uni Florentsiyada yaratgan edi.