Leonidze Georgiy Nikolayevich

Leonidze Georgiy Nikolayevich [1899.15(27). 12, Patordzeuli qishlog’i — 1966.9.8, Tbilisi] — Gruziya xalq shoiri (1959). Gruziya Fanlar Akademiyasi akademik (1944). Gruziya Fanlar Akademiyasi Shota Rustaveli nomidagi gruzin adabiyoti instituti direktori (1957 yildan). «Ninosmind kechasi», «Qipchoq bilan uchrashuv», «tsesarka», «Kalila va Damana» kabi lirik asarlar yaratgan (1924-25). Kishilarning mashaqqatli mehnati, nozik dil kechinmalari Leonidze ijodida bosh mavzu bo’lgan. 30-yillarda yozgan she’rlari, asosan, zamondoshlarining hayoti, insoniy go’zallik, xalqlar do’stligi haqida. 2-jahon urushi yillarida yaratgan asarlari gruzin jangchilarining qahramonliklariga bag’ishlangan. «Samgori» (1950), «Portoxala» (1951) kabi dostonlarida xalq tarixi aks etgan, bularda nozik lirizm ko’zga tashlanadi. «Sehrli daraxt» (1962) xotiralar kitobi esa Kaxetiyaning o’ziga xos manzaralarining jonli tasviridir. Leonidzening «Oq cho’qqilar» asari o’zbek tilida nashr etilgan (1973).