Litvalar

Litvalar (o’zlarini letuvyay deb ataydilar) — xalq. Litva Respublikasining asosiy aholisi (2924 ming kishi, 1990-yillar o’rtalari). Rossiya (70 ming kishi), Latviya (34,6 ming kishi), AQShda (300 ming kishi), shuningdek, Kanada, Polsha, Janubiy Amerika va Avstraliyada yashaydilar. Umumiy soni 3,45 million kishi (1990-yillar o’rtalari). Yevropeoid irqiga mansub. Litva tilida so’zlashadilar. Dindorlari — xristian-katoliklar. Litvalar etnogenezi, tili va madaniyati jihatdan latishlarga yaqin. Neman va Daugava daryolari oralig’iga miloddan avvalgi 3-ming yillik oxiri — 2-ming yillik boshlarida kirib kelgan Boltiq bo’yi qabilalari mahalliy aholi bilan uyg’unlashib Litvalarning shakllanishiga asos bo’lgan. Ushbu qabilalardan Litva elati tarkibiga to’liq suratda Litvalar, yoxud aukshtaytlar, jyamaytlar, skalvlar va nadruvlar, shuningdek, sudavlarning bir qismi, kurshlar, zemgallar va sellarning Janubiy tarmog’i, shimoliy prusslar (Bartlar, notanglar, semblar)ning bir qismi kirgan. 9-12-asrlarda mulkchilik munosabatlari vujudga kelgan, asta-sekin Litva elati shakllangan. Etnik uyushuv 13-asr 1-yarmida Litva davlatining barpo etilishiga imkon bergan. 13— 15-asrlarda Litva elati uzil-kesil shakllangan. Litvalarning asosiy mashg’uloti — dehqonchilik, shuningdek, polizchilik, bog’dorchilik, dengiz bo’ylarida — baliqchilik. Milliy hunarmandchilik (to’qimachilik, o’ymakorlik, kulolchilik) rivojlangan.