Lomonosov kim?

Mixail Vasilyevich Lomonosovning nomi Rossiyada har bir odamga tanish. Kimdir, balki u qanday kashfiyotlar qilganini va nimalar yozganini hattoki bilmasa ham, lekin Lomonosov — mashhur rus olimi ekanligini hamma biladi. Mixail Lomonosov 1711 yilning 8 noyabrida (eski hisobga ko’ra) Arxangelsk guberniyasilik dehqon Vasiliy Dorofeyevich Lomonosov va uning zavjasi Yelena Ivanovna (qizligida Sivkova) oilasida tavallud topdi. Voyaga yetgach otasi qavatida baliqchilik bilan shug’ullana boshladi. Savodini ancha kech, faqat 11 yoshda chiqardi, sakkiz yildan keyin esa Mixail Lomonosov baliq ortilgan aravada Moskvaga yo’l oladi va slavyan-grek-lotin akademiyasiga o’qishga kiradi. Besh yildan so’ng Mixail Lomonosovni tahsilni davom ettirishi uchun o’n ikki a’lochi talaba bilan Peterburg akademiyasiga jo’natadilar, ammo bir oy o’tar-o’tmas endi uni uch nafar a’lochi talaba bilan birga tog’ sanoati va kimyoni o’rganishi uchun Germaniyaga yo’llaydilar. Mixail Vasilyevich Lomonosov tez orada yirik olim bo’lib yetishadi. U kimyo va fizika, astronomiya va tog’ sanoati, tarix va adabiyot bilan shug’ullanadi. U tabiatning materiya va harakatning saqlanish qonuni deb ataladigan yalpi qonunini kashf etadi. O’zi yasagan teleskop yordamida Mixail Vasilyevich Venera (Zuhra) sayyorasi ham xuddi yer singari atmosfera bilan qurshalganini bilib oladi. Biror odamning Lomonosovchalik bilimning turli sohalarida bu qadar ko’p kashfiyot qila olishiga ishonish mushkul. U o’zining barcha ilmiy g’oyalari amaliyotga tatbiq etilishiga va Rossiya manfaatlari yo’lida xizmat qilishiga zo’r berib erishdi. Lomonosov geografiya bilan ham shug’ullangan. «Rossiya atlasi»ni yaratish bo’yicha komissiyaga rahbarlik qilgan kezlarida u nafaqat ko’pgina chekka guberniyalarga ekspedisiyalar uyushtirdi, qolaversa foydali qazilmalar to’g’risida, u yoki bu maskanda qancha aholi yashashi, ularning millati va nima bilan mashg’ulligi va h.k. haqidagi 30 savoldan iborat anketa tuzadi va joylarga jo’natib yuboradi. U ikki asr ilgariyoq o’z tadqiqotlarini xuddi hozirgi olimlar singari o’tkazgan edi. Buningdek misollarni uzluksiz keltiraverish mumkin. Mixail Vasilyevich Lomonosov Rossiya tarixi va notiqlik san’atini jiddiy o’rgandi. Turfarang shisha tayyorlash tarkibotini tuzdi, so’ngra ulardan ajoyib naqshli kartinalar yaratdi. Masalan, Petr I portretida Poltava jangini tasvirlagandi. Lomonosovga qadar Rossiyada barcha kitoblar faqat cherkovcha slavyan tilida bitilar edi. U birinchi «Rossiya grammatikasi»ni va o’zining shaxsiy she’r va qasidalarini faqat rus tilida ijod qildi. Lomonosov loyihasi asosida 1755 yili endilikda uning nomi bilan ataladigan Moskva universiteti ochilgan edi.