Lub tolalari

Lub tolalari — tolali o’simliklar (zig’ir, kanop, jut, Rami, kendir, nasha o’simligi va boshqalar) poyasidan ajratib olinadigan to’qimachilik tolalari. Bu o’simliklar (lub ekinlari) poyalarida kambiy va perisikl orasida joylashgan to’qimalar Lub tolalarini tashkil qiladi. Ular usimlik poyasidan biologik va fizik-kimyoviy usullar bilan ajratib olinadi. Buning uchun urug’lari va barglaridan tozalanib va quritilib, bog’-bog’ qilib tayyorlangan poyalar baklar, tabiiy yoki sun’iy suv havzalari va hovuzlarda ivitiladi. Poyalarni ivitishda tolalarni bir-biriga va po’stloqqa yopishtirib turgan pectin moddalari eriydi. Suv havzalari va hovuzlarida sovuq suvda ivitish har xil mikroorganizmlarning faoliyatiga asoslangan (bunda suvning harorati 20-25° dan oshmasligi kerak). Suvning ustidagi poyalarda mog’or zamburug’lari, suv ichiga botgan qismlarida anaerob bakteriyalar rivojlanadi. Baklarda poyalar issiq (36-38°) suvda ivitiladi. Bunda avval aerob, so’ngra anaerob bakteriyalarning ish faoliyatidan foydalaniladi. Ivitishning kimyoviy va bug’lash usullari ham bor. Kimyoviy usulda turli moddalar (tuzlar, kislotalar, ishqorlar) eritmalari qo’llaniladi. Bug’lashda poyalar oldin suvda ivitilib, keyin bug’lanadi. Ivigan poyalar maxsus tola ajratish mashinalaridan o’tkaziladi. Ajratib olingan ho’l tolalar titish-savash mashinalaridan o’tkazilib tozalanadi, quritish mashinalarida quritiladi, so’ngra yumshatish mashinalaridan o’tkazilib mayinlashtiriladi va pardozlash tsexida pardozlanib, yaltiroq holatga keltiriladi, saralash (sortlarga ajratish) tsexida tola rangi, uzunligi, pishiqligi va tovlanuvchanligi bo’yicha xillanadi. Lub tolalarini ko’k lub (floema)dan ham olish mumkin (bunda tola ajratib olish texnologiyasi yuqoridagidan deyarli farq qilmaydi). Lubni titish-yuvish jarayonida chiqqan chiqindilardan kalta Lub tolalari olinadi. Lub tolalari qanday o’simlik poyasidan olinganligiga qarab, ingichka, kayishqoq (zig’ir va rama tolasi), dag’al (kanop, jut, penka tolasi), qattiq (Abaka, ya’ni penkaning bir turi) bo’lishi mumkin. Ulardan kanop, arqon, baliq tutish to’ri, brezent, har xil matolar tayyorlanadi, ular gilam to’qishda ham ishlatiladi. O’zbekistonda, asosan, kanop o’simligi ekilganligi uchun kanop zavodlarida kanopdan tolalar olinadi.