Lub tolali ekinlari tajriba stantsiyasi

Lub tolali ekinlari tajriba stantsiyasi, O’zbekiston lub tolali ekinlar tajriba stantsiyasi — po’stlog’idan tola olinadigan ekinlar bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boradigan ilmiy muassasa. O’zbekiston qishloq va suv xo’jaligi vazirligi huzuridagi Respublika ilmiy ishlab chiqarish markazi tarkibida. 1925 yilda kanop bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boradigan stansiya tarzida Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan. 1971 yildan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Ahmad Yassaviy nomidagi shirkat xo’jaligi hududida joylashgan. Umumiy yer maydoni 169 gektar, shundan 84 gektar maydonda tajribalar olib boriladi. Stansiyada kanopning O’zbekiston 1974, O’zbekiston 1503, O’zbekiston 2142, O’zbekiston 2245 va boshqa tezpishar, serhosil, tolasining texnologik sifatlari yaxshi bo’lgan navlari chiqarilgan. Shuningdek, stansiyada kunjut, lavlagi, kungaboqar, g’o’za va boshqa ekinlar ustida ham tajriba ishlari olib boriladi. Stansiyada 7 laboratoriya (selektsiya va nav sinash, urug’chilik, dehqonchilik, agrokimyo, o’simliklar himoyasi, tola sifatini birlamchi baholash, iqtisodiy tahlil) mavjud. Stansiyada 56 xodim ishlaydi, shundan 7 tasi fan nomzodi, 1 fan Doktori. Ergash Sodiqov.