Magnit kallak

Magnit kallak – tovush (nutq, musiqa)ni magnit lentata yozib olish (o’chirish) yoki qayta eshittirish uchun mo’ljallangan qurilmaning asosiy qismi. U, asosan, o’zak (magnit o’tkazgich) va bir yoki bir necha chulg’amdan iborat. M. o’zagida magnit lenta b-n kallakning magnit aloqasini ta’minlovchi ish oralig’i (slyuda, bronza b-n to’ldirilgan bir necha mkm oraliq) bor. O’zak magnit oqimini to’plash, chulg’am esa elektr signallarni keltirish yoki ketkazish uchun xizmat qiladi. O’zak temirnikel qotishmalar, alyuminiy qotishmalari, ferritlar va permalloydan yasaladi, chulg’amlar elektr o’tka-zuvchi simlardan o’raladi. Tovushni yozib olish yoki eshittirishda M. k. o’zagi magnit lentaga tegib turishi (kontaktli yozuv) yoki havoli tirqish b-n undan ajralib turishi (kontaktsiz yozuv) mumkin. Kontaktli yozib olish usulida tovushni yozish (o’chirish) paytida chulg’amga keladigan elektr signallar (raemga q.) o’zakda magnit oqimini vujudga keltiradi, magnit oqimi olinayotgan signalga monand ravishda ish tirqishi yaqinidagi qoldiq magnitlanganlik darajasini o’zgartiradi. Tovushni qayta eshittirishda esa foydali signal (elektr yurituvchi kuch) magnit lenta M. k.ga nisbatan harakatlanganda vujudga keluvchi magnit induktsiya natijasida paydo bo’ladi. M.k.ning foydali magnit oqimi o’zgarishlariga sezgir; yarimo’tkazgichli; o’zak o’zgarishlariga asoslangan; magnit maydon b-n elektron nurning o’zaro ta’siriga asoslangan va b. xillari bo’ladi. M.k. videomagnitofonlar, diktofonlar, magnitofonlar, EHM xotira qurilmalari va b. radiotexnika hamda elektron qurilmalarda keng ishlatiladi.