Makedoniyalik Iskandarning O’rta Osiyoni zabt etish davrida Samarqand va So’g’dning mustaqillik uchun olib borgan kurashi

Baqtriya hukmdori Bess Sharqda eng katta, eng qudratli Baqtriya satrapligiga ega bo’lgan. Gavgamelada u boshchilik qilgan otryadlar sharqqa chekingandan so’ng ham o’z jangovarlik qobiliyatini saqlab qoladi. Tez orada, 329 yilda Doro III o’ldirilgach, Bess shohlik unvonini oladi va o’zini Artakserks – “Osiyo podshosi” deb e’lon qiladi. Shundan keyin u baqtriyaliklar, Baqtriyaga ketib qolgan forslar, saklar va “Tanais” (Sirdaryo) daryosi bo’yida yashayotgan boshqa xalqlardan qo’shin yig’a boshlaydi.

Shunga qaramay Iskandar Girkaniyani va Kaspiy dengizining janubi-sharqiy qirg’og’iga yaqin viloyatlarni osongina egallab, Parfiya territoriyasiga bostirib kiradi, bu yerda ham unchalik qarshilikka duch kelmaydi. Grek-makedon armiyasi bir oz dam olganidan keyin Baqtriya tomon otlanadi. Artakserks (qadimgi forscha Artaxshas – V-IV asrlardagi Ahomaniylarning odatdagi toj-taxt nomi) taxt nomini qabul qilib, sharqda Ahomaniylar sulolasi ilgarigi mavqeini yo’qotgan bir davrda o’zini yangi shoh deb e’lon qilganligi sababli Ahomaniylar naslidan bo’lgan fors Bessning obro’li juda tushib qolgan edi.

Bess sharqiy viloyatlar (Baqtriya va So’g’d, Ariya, Janubiy Afg’oniston va Janubi-Sharqiy Eron viloyatlari) ittifoqini tuzishga va fors bo’lmagan mahalliy oqsuyaklarning ba’zi namoyandalarini o’ziga jalb qilishga muvaffaq bo’ldi. Lekin Bess yetarli darajada kuchli, grek-makedoniyaning otliq qo’shinlari (falanglar va gipastistlar)ga hamda yengil qurolli epchil va chaqqon yoy otuvchilarga qarshi turadigan armiya tuza olmadi.

Ariyadagi qo’zg’olonni bostirib, Iskandar Drangianga yo’l oldi va bu viloyatni ham egalladi. Baqtriya ittifoqchilarsiz qoldi. Bessning Ariyada makedoniyaliklarga qarshi yana qo’zg’olon ko’tarish borasidagi urinishlari muvaffaqiyatsiz chiqdi. 329 yil bahorida Iskandar o’z armiyasining asosiy qismi bilan Hindikush (antik davr tarixchilarida Kavkaz) orqali o’tib, Baqtriya territoriyasiga bostirib kirdi va Drapsak shahrini (aftidan hozirgi Qunduz shahri) ishg’ol qildi. Arrianning yozishicha, Bessning ixtiyorida bu vaqtda “Doroni qamoqqa olishda ishtirok etgan forslar, 7000 baqtriyalik va Tanaisning narigi tomonida yashovchi daxlar” bo’lib, Iskandar qo’shinlari sonidan taxminan ikki baravar kam edi. Baqtriyaliklarning asosiy Bessni qo’llab-quvvatlamagan; uning sobiq ittifoqchilari yo qirib tashlangan (jumladan, Ariya satrapi Satibarzan o’ldirilgandi), yoki noshud “Osiyo shohi”ni tashlab ketishgan.

Bess Baqtriyadagi kurashdan yutqazgach, Oks (Amudaryo)dan kechib o’tib, So’g’d territoriyasida kuch to’plashga urinib ko’radi. U bilan birga so’g’dlik Spitamen boshliq so’g’d suvoriylari ham Oksdan kechib o’tadilar. “Baqtriyalik suvoriylar Bess qochishga qaror qilganini sezib, uy-uylariga tarqalib ketadilar”. Shundan keyin ko’p o’tmay, Iskandar deyarli qarshiliksiz Baqtriyaning eng yirik shaharlari – Aorn (hozirgi Toshqo’rg’on?)ni va viloyat poytaxti Baqtrani egalladi. Shu tariqa butun Baqtriya istilochining qo’liga o’tdi. Endi Iskandar So’g’d ustiga yurishga tayyorgarlik ko’rishi mumkin edi.

Baqtriyadagi urush grek-makedon armiyasining O’rta Osiyoga bostirib kirishini bir necha oyga kechiktirdi. Iskandarning Ariyada ommaviy qirg’in keltirgan jazo ekspeditsiyasi grek-makedoniyaliklarning xalqni Ahomaniylar zulmidan ozod etishi u yoqda tursin, aksincha, bundan ham og’ir zulm olib kelganligini mahalliy aholiga ko’rsatdi. Bess boshchiligidagi ittifoq qatnashchilari, shu jumladan, so’g’dlar va ularning sardori Spitamen Baqtriya territoriyasida bo’lgan to’qnashuv hamda janglar vaqtida Iskandar armiyasining taktikasi, jangovar tartiblari va qurol-yarog’lari bilan yaqindan tanishdi. Baqtriyadagi voqealar va Bessning harakatlari vaqtdan yutishga, dahshatli grek qo’shinlariga qarshi kurashish uchun tajriba to’plashga va bu bilan O’rta Osiyo xalqlarining grek-makedon istilochilariga qarshi kurashida bir oz bo’lsa-da, yordam berdi. Ammo Baqtriya va Ariyadagi kurash Iskandar qo’shinlari bilan kelgusida bo’ladigan shiddatli janglarning faqat muqaddimasi edi, xolos. Urush harakatlari So’g’d territoriyasiga ko’chdi.

Antik davr mualliflarining asarlarini o’rganish voqealarning izchilligi va borishini ancha to’g’ri aniqlashga, Iskandarning maqsad va siyosatini hamda uzoq vaqt davomida grek-makedon armiyasiga qahramonona qarshilik ko’rsatgan so’g’dlar hamda O’rta Osiyodagi boshqa xalqlarning harakatlarini ifodalashga imkon beradi. Biroq voqealarning ko’pgina tafsilotlari hali ham noaniq bo’lib qolmoqda.

Bess Amudaryodan kechib o’tgandan keyin kemalarni yondirib, “so’g’dlar yeriga, Novtakaga jo’nagan”. Ko’pgina tadqiqotchilarning fikricha, Novtaka Qashqadaryo vodiysida joylashgan bo’lsa kerak.

Iskandar Bessni ta’qib etib, Oksdn kechib o’tadi va tez orada Bessning Spitamen tomonidan asir olinganligi to’g’risida xabarni oladi. Iskandar Bessni qo’lga olish maqsadida Ptolemey boshchiligida kuchli otryad yuboradi. Otryad “o’n kunlik masofani to’rt kunda” bosib o’tadi, lekin Bess turgan qishloq bundan ham uzoq yerda joylashgan edi. Mahalliy oqsuyaklarning Bessni Iskandar qo’liga topshirishdan maqsadi o’z mavqelarini mustahkamlash, yoki ehtimol, So’g’d territoriyasida urush harakatlari avj olishini to’xtatish bo’lgan bo’lsa kerak. Spitamen va uning tarafdorlarining Bessni o’ldirish haqidagi qarori tamomila tabiiy edi, chunki o’zining “Osiyo shohi” deb e’lon qilgan Baqtriya satrapi Iskandarning siyosiy dushmani bo’lishi bilan birga, u So’g’diyona territoriyasida grek-makedon armiyasiga qarshi kurash boshchilik qila oladigan qobiliyatli yo’lboshchi ham emas edi.

Iskandar o’z armiyasi va karvoni bilan shimolga qarab ancha sekin siljirdi. U mahalliy aholiga otlar yetkazib berish majburiyatini yuklab, Marokandaga qarab yo’l oldi. Grek-makedon qo’shinlarining yo’li hozirda Taxtaqoracha nomi bilan ma’lum bo’lgan dovon orqali emas, balki ancha qulay yo’l – hozirgi Jom qishlog’i orqali o’tgan bo’lsa kerak. Bu yo’l XIX asr oxiridayoq “Dashti Iskdandar” deb nomlangan tekislik bo’yicha o’tar edi.

Marokanda Iskandarga jangsiz, tinch muzokaralar natijasida taslim bo’ldi. Iskandar Marokandada bir garnizon qoldirib, “yaqin atrofdagi qishloqlarni vayron qildi va yondirdi”. Chunki bu yer aholisi poytaxtga yaqinlashib kelgan grek-makedoniyaliklarga qarshi janglarda qatnashgan bo’lsa kerak.

Iskandar Marokandadan Usrushon orqali Sirdaryoga yo’l oldi. Arrianning yozishicha, yo’lda mahalliy aholi yem-xashak tayyorlovchi makedoniyaliklarni qirib tashlagan va “so’ngra ular hamma tarafi tik bo’lgan toqqa qochishgan. Ular 30 ming kishi bo’lgan”. Iskandar “eng chaqqon jangchilari bilan birga” ularga qarshi otlanadi. Makedoniyaliklar bir necha bor bu yerni qattiq hujum bilan egallashga urinib ko’rishdi. Lekin u yerda joylashib olgan mahalliy aholi o’q yoyidan katta talafot ko’rib, noiloj chekinishga majbur bo’ldilar. Iskandarning o’zi o’gir jarohatlandi. Ammo istilochilar tepalikka ham chiqib oladi. Tepalikni himoya qilgan mahalliy aholidan ko’pi jang vaqtda o’ldi. “Ko’pgina kishilar qoyadan o’zini pastga tashlab halok bo’ldi, shunday qilib, 30000 kishidan taxminan 8000 kishi tirik qoldi. Bu raqamlar grek-makedoniyaliklar birinchi marta mahalliy aholining qattiq qarshiligiga duch kelganligini ko’rsatadi. V.V.Bartold “makedoniyaliklar, aftidan shu yerda yem-xashak tayyorlash vaqtida tasodifiy to’qnashuvga emas, balki uyushgan qo’zg’olonga duch kelgan bo’lsalar kerak” deb taxmin qiladi. Jang bo’lgan rayonny Usrushon tog’lari – Klavdiy Ptolemey o’z “Geografiya”sida nomlaganidek, “So’g’d tog’lari” deyish mumkin.

Sirdaryo bo’yida Iskandar huzuriga “abiy-skiflar” va “Yevropa skiflari”dan, ya’ni daryoning narigi tomonida yashayotgan sak qabilalaridan elchilar keladi.

Iskandar tomonidan skiflar huzuriga yuborilgan elchilar, Arrianning yozishicha, “do’stlik o’rnatish bahonasi bilan yuborilgan; lekin bu elchilarning asl maqsadi – skiflar yerining tabiat bilan tanishib, aholining ko’p yoki ozligini, uning urf-odatlari qanday ekanini va qanday qurollar bilan urushga chiqishlarini bilib kelishdan iborat edi”. Kvint Kurtsiyning ma’lumotlariga ko’ra, elchilar grek-makedoniyaliklarning ruxsatisiz skiflar Tanais (Sirdaryo)dan o’tmasliklari haqidagi xabarni ularga topshirishi lozim edi. Iskandar saklarning hujumlaridan saqlanish uchun Tanais sohilida shahar qurdirib, uni “o’z nomi bilan atashga” qaror qildi. Lekin unga shu vaqtda “daryo bo’ylaridagi varvarlar” qo’zg’olon ko’targanligi to’g’risida xabar yetib keldi.

Arrianning o’sha vaqtdagi voqealar to’g’risidagi qisqa xabaridan shular ma’lumki, qo’zg’olonchilar o’z shaharlarida joylashgan makedoniyalik soldatlarning garnizonlarini bosib olib, ularni qirib tashlaganlar hamda Iskandarning jazo otryadlari kelishini kutib, bu shaharlarni mustahkamlashga kirishgan. Arrianning yozishicha, “Bessni qo’lga tushirgan kishilar”, ya’ni Spitamen va uning safdoshlari boshchiligidagi so’g’dlar ham ayni vaqtda qo’zg’olon ko’targanlar. So’g’dlarga baqtriyaliklar ham qo’shilishgan. Kvint Kurtsiyning yozishicha, qo’zg’olonchilarning asosini 7 ming otliq lashkar tashkil etardi (ular orasida so’g’d va baqtriyalik zodagonlar vakillari ham ko’p bo’lgan). Iskandar Spitamen bilan Krater “qo’zg’olonchilarni tinchlantirishi mumkin” deb hisoblab, ularni o’z huzuriga chaqirib olishga urindi. Ammo qo’zg’olon yo’lboshchilari grek-makedoniyaliklar taklifi tuzoqdan boshqa narsa emas deb o’ylab, unga e’tibor bermaydilar. “Ular qo’lga qurol olishga odamlarni osonlik bilan ko’ndirdilar, jazodan qo’rqqan odamlarning o’zlari ham bunga intilardilar”.

Ana shu voqealar to’g’risidagi ma’lumotlarda aytilishicha, Spitamen birinchi marta qo’zg’olonning ilxomchisi bo’lib maydonga chiqadi. So’g’d aristokratiyasining vakili sifatida u o’z vatani territoriyasida urush harakatlari boshlanib ketishning oldini olishga urinib ko’rdi va Iskandar bilan muzokaralar olib borishga kirishdi. Grek-makedoniyliklar o’lka poytaxti Marokandani ishg’ol qilganlaridan keyin, Spitamen ro’y bergan vaziyatda xushyorlik bilan qaradi. Usrushondagi tog’lik aholiga berilgan dahshatli jazo, deb yozadi K.V.Trever, “makedoniyalik shoh nimalarga qodir ekanligi aholininggina emas, balki Spitamen va unig safdoshlarining ham ko’zini ochdi”.

Iskandar o’zining butun qo’shinlarini qo’zg’olonchilarga qarshi otlantirdi. Uning qarorgohi bu vaqtda Sirdaryodan uncha uzoq bo’lmagan joyda, hozirgi Xo’jand rayonida joylashgan edi. Yettita shahar qo’zg’olonchilar markazi bo’ldi. Arrianning yozishicha, Iskandarning o’zi G’aza shahriga yo’l oldi. Ilk o’rta asr geograflari bu shaharni Gazak (G’azak) bilan qiyos etadi va hozirgi Novga nisbat beradi. Iskandar G’azaga yaqinlashgach, “shaharning uncha baland bo’lmagan paxsa devorlarining hamma yog’iga oldindan tayyorlangan narvonlar qo’yib, shaharni to’xtamay hujum qilgan holda bosib olish to’g’risida buyruq berdi. Piyoda askarlar hujumga o’tgan vaqtda palaxmonchilar, yoy otuvchilar va nayza irg’ituvchilar qal’adagi jangchilarni devorlardan urib tushirar edilar; palaxmonlardan ular ustiga yoy o’qlari yog’dirilar edi. Tez orada o’q yomg’iri himoyachilarni devordan chekinishga majbur etdi. Makedoniyaliklar narvonlarni jadal suratda qo’yib, devorga chiqib oldilar”. Arrian G’azaning zabt etilishi haqida ana shularni yozgan. Iskandarning buyrug’iga muvofiq, shaharning barcha erkaklari qirib tashlandi; grek-makedoniyaliklar ayollar, bolalar va o’ljalarni o’zlari bilan olib ketdilar. Arrianning yozishicha, Iskandar o’sha kuniyoq nomi manbalarda ko’rsatilmagan qo’shni shaharni ham qo’lga oladi. G’aza singari bu shahar ham qattiq hujum bilan olinadi, “yengilganlarni esa xuddi o’sha taqdir kutar edi”. Ertasiga Iskandar qo’shinlari uchinchi shaharni ham egallab, unga o’t qo’ydilar.

Iskandarning otliq askarlari boshqa ikki shaharni ham qurshab oldi. Bu yerlik aholi “o’t qo’yilgan qo’shni shaharlardan ko’tarilayotgan tutunni ko’rib, o’sha dahshatli jangdan qochib qutulgan va hujumni o’z ko’zi bilan ko’rgan bir necha kishilar kelgach, to’da-to’da bo’lib shaharlardan qochishdi va dushmanning otliq askarlariga duch kelib, ko’pchiligi chavaqlab tashlandi”.

Qadimiy Usrushonning antik manbalarda Kiropol, Kira, Kiresxata nomlari bilan ma’lum bo’lgan aosiy “Kira shahri” istilochilarga ancha-muncha qarshilik ko’rsatdi. “Kira shahri” hozirgi O’ratepaga to’g’ri kelsa kerak.