Malaga

Malaga — Ispaniyaning Janubiy qismidagi shahar, Andalusiya Muxtor viloyatida. Malaga provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 528 ming kishi (1998). O’rta dengiz bo’yidagi muhim port (yiliga 7 million tonna yuk ortib-tushiriladi) baliq ovlash markazi. Oziq-ovqat va sanoati rivojlangan: vino, zaytun moyi, meva va baliq konservalari ishlab chiqariladi. Kimyo, neft kimyosi, metallsozlik, to’qimachilik, mashinasozlik (jumladan, kemasozlik) sanoati korxonalari mavjud. Iqlim kurorti. Universitet, muzey bor. Malagaga miloddan avvalgi 11-a.srlarda Finikiyaliklar tomonidan asos solingan. Arablar hukmronligi davrida (8-asr) yirik shahar bo’lgan. 11-a.srdan amirlik markazi. 1487 yildan Kastiliya tarkibida. Me’moriy yodgorliklaridan 9-18-asrlarga oid saroylar, qasrlar, sobor, cherkov va boshqalar saqlangan. Malagada Pablo Pikasso tug’ilgan.