Malayziya tili

Malayziya tili — avstronez tillari oilasiga mansub, Malakka yarim oroli va unga yaqin orollarda, shimoliy Kalimantanda tarqalgan. Malayziya Federatsiyasining rasmiy tili hisoblangan, 10 milliondan ziyod kishi so’zlashuvchi til; 1969 yilgacha u bilan birga «Malayya tili» termini ham qo’llangan. Malayziya tili Malakka yarim orolidagi malay lahjalari, xususan, Joxor lahjasi asosida rivojlanib kelmoqda. Bu laxja ba’zi tovushlari, fonetik o’zgarishlari va grammatik belgilari bilan adabiy tildan farq qiladi. Adabiy tilda bog’lovchi va old ko’makchilar miqdorining ko’payishi, murakkab sintaktik tuzilmalarning rivojlanishi kuzatiladi; barcha sathlarda (terminologiya, so’z yasalishi, sintaktik qoliplar va boshqalar) indonez tilining ta’siri seziladi. Lug’at tarkibida Arab va ingliz tillaridan o’zlashmalar anchagina, terminlarning aksariyati inglizcha birikmalar qolipi asosida yaratilmoqda. Yozuvi lotin alifbosiga asoslangan.