Marjon nima?

Marjon dunyodagi eng g’aroyib va g’alati narsalardan biridir! Avvalo shuni aytish lozimki, qadim zamonlardan buyon qizil marjonlar qimmatbaho toshlar bilan bir narxda baholanib kelinadi. Shuning barobarida marjon bilan bog’liq juda ko’p irim-chirimlar ham g’oyat qiziqarli. Rimliklar xavf-xatarni yo’latmaydi, deb marjon parchasini bolalarning bo’yniga taqib qo’yishgan. Ular marjonni kasallikka chalintirmaydi va undan forig’ qiladi, deb ishonishgan. Italiyaning qaysi bir joyida hali-hamon odamlar «yo’mon ko’zdan asralish» uchun marjon taqib yurishadi. Eng hayratli tomoni — marjon dunyo jo’g’rofiyasini o’zgartirib yuborgan! Marjon nima o’zi? U ko’p miqdorda mayda paypaslagichlari bo’lgan marjon polipi (qimirlamay bir joyda yashaydigan kovakichaklilarga mansub) — mayda yelimshaksimon dengiz organizmining skeletidir. Polip kosacha tarzida shakllanib, hamma yog’ini polip o’rab turadigan, skelet tarkib topadigan ohaksimon moddalar ishlab chiqaradi. Polip dastlab suv tagidagi qoya sirtiga yopishib oladi va undan yangi polip ajralib chiqadi. Qari polip nobud bo’lgach, tirik poliplar uning skeletida yashashni davom ettiradilar va o’z navbatida, undan yangi poliplar unib chiqaveradi. Poliplarning yangidan yangi avlodlari ajdodlarining skeletida o’sib chiqaveradi, natijada marjon paydo bo’ladi. Marjon qatlamma-qatlam o’sib boradi, okeanlardagi Orol va suvosti qoyalari ana shu tariqa paydo bo’ladi. Bu organizmlar issiq va tropik suvlarda yashaydi. Marjonlarni asosan tinch okeani Janubiy hududlarida, Hind okeanida, O’rta yer dengizida hamda Florida, Meksika va Vest-Indiya sohillarida uchratish mumkin. Katta marjon tuzilmalarini hoshiyalangan suvosti qoyalari, to’siqli suvosti qoyalari va atollar (Halqa shaklidagi marjonlar oroli) deb atashadi. Hoshiyalangan suvosti qoyalari o’zida sohilbo’yi va okeanga tutash qoyalarga birikkan suvosti marjon maydonlari taassurotini beradi. To’siqli suvosti qoyalarining materikka daxli yo’q, ular sohildan ma’lum uzoqlikda, okeanlar ichida o’sib chiqadi. Atollar esa doira shaklidagi marjon orollardir. Katta to’siqli suvosti qoyasi Avstraliya sohillaridagi Kvinslend vohasida bo’lib, 1260 milga cho’zilgan.