Matyoqub Qo‘shjonov (1918-2005)

Matyoqub Qo‘shjonov (1918.5.5, Toshhovuz viloyati, Turkmaniston — 2005.16.8, Toshkent) — adabiyotshunos olim. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (2000), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1978), filologiya fanlari doktoriri (1972). 2-jahon urushi qatnashchisi (1942—45).

Toshhovuz shahridagi O‘qituvchilar institutini (1946), O‘rta Osiyo universitetining filologiya fakultetini (1950) tugatgan. O‘zbekiston KP MK da mas’ul xodim (1950-53), O‘rta Osiyo universiteti (ToshDU)da dotsent (1957—60), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim (1960—75), direktor (1975-86), yetakchi ilmiy xodim, ilmiy maslahatchi (1986 yildan) bo‘lib ishlagan.

Matyoqub Qo‘shjonovning asosiy ilmiy ishlari 20-asr o‘zbek adabiyotining rivojlanish tamoyillari, adabiy tanqid va adabiyotshunoslik metodologiyasi muammolari, adabiyot nazariyasi va yozuvchi mahorati masalalariga bag‘ishlangan. Tadqiqotlarida Qodiriy, Qahhor, Oybek, P.Qodirov, O.Yoqubov, A.Oripov va boshqa yozuvchi, shoirlarning mahorati o‘rganilgan va badiiy asarning syujet, kompozitsiya, xarakter va konflikt masalalari tahlil qilingan.

Matyoqub Qo‘shjonovning 90-yillarda yozgan «O‘zbekning o‘zligi» (1994), «Abdulla Oripov» (hamkorlikda, 2000) va boshqa asarlarida mashhur yozuvchilar haqida fikr yuritilgan. Olimning «Tepki bosildi» (1990), «Alam» (1996), «Dagish» (1999), «Armon» (2004) kabi badiiy-biografik asarlari ham bor.

Matyoqub Qo‘shjonov ikki jildlik «Adabiyot nazariyasi», besh jildlik «O‘zbek adabiyoti tarixi», ikki jildlik «O‘zbek tilining izohli lug‘ati», ikki jildlik «Ruscha — o‘zbekcha lug‘at», bir jildlik «O‘zbekcha — ruscha lug‘at» va boshqa nashrlarning yaratilishiga bosh-qosh bo‘lgan. Uning rahbarligida 5 ta fan doktori, 15 ta fan nomzodi yetishib chiqqan.

Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1977). «El-yurt hurmati» (1999), «Buyuk xizmatlari uchun» (2003) ordenlari bilan taqdirlangan.