Messiya

Messiya (qadimgi yahudiycha mashiax — Xudo tomonidan tanlab olingan mumtoz shaxs, payg’ambar, Maxdiy) — ko’p dinlar (iudaizm, xristianlik, Islom va boshqalar) da Xudo tomonidan tanlab olinib vakil qilingan, yerda zulmni yo’q qilib, adolat o’rnatish uchun yuboriladigan xaloskor. Messiya to’g’risidagi tasavvurlar yaxudiy podsholigining tugatilishi (miloddan avvalgi 586-538) davrida yahudiylar o’rtasida paydo bo’lgan. Yahudiylarda Messiya, bir tomondan, «qonunga xilof ishlarga barham beruvchi va adolat o’rnatuvchi Jahongir podsho» deb, ikkinchi tomondan, «tiriklar va o’liklarning ilohiy hakami» sifatida talqin qilingan. Xristianlar esa Messiyani Xudo farzandi, «xaloskor» deb hisoblaganlar. Islomda Messiya Mahdiy haqidagi ta’limot shaklida tarqalgan.