MILLIY G’OYA

MILLIY G’OYA — muayyan millat hayotiga mazmun baxsh etadigan, uni ezgu maqsad sari yetaklaydigan fikrlar majmui. U millatning o’tmishi, buguni va istiqbolini o’zida mujassamlashtiradi, uning tub manfaatlarini, maqsadlarini ifodalaydi. Milliy g’oya o’z mohiyatiga ko’ra, xalq, millat taqdiriga daxldor bo’lgan, qisqa yoki uzoq muddatda hal etilishi kerak bo’lgan vazifalar va mo’ljallarni ham aks ettiradi. Biror g’oyaning Milliy g’oya sifatida maydonga chiqishi millatning o’tmishi, mavjud holati bilan bevosita bog’liq. Ana shu ikki negizga tayangan holdagina u millatning qisqa va uzoq vaqtga erishish lozim bo’lgan maqsad-muddaolari va mo’ljallarini to’g’ri ifodalay olishi mumkin. Har qanday Milliy g’oyada umuminsoniy mohiyat mavjud bo’ladi.