Miraziz A’zam (1936)

Miraziz A’zam 1936 yili Toshkentda tavallud topgan. Toshkent davlat universitetini tugatgan. Toshkent telestudiyasida, «G‘uncha» bolalar jurnalida, «Yosh gvardiya», G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotlarida muharrir bo‘lib ishlagan. Ko‘p yillar O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasida maslahatchi, boshqaruv kotibi vazifasini bajargan.

Miraziz A’zamning birinchi she’ri 1960 yilda «Metallurg» nomi bilan chiqqan. Birinchi she’riy to‘plami esa 1964 yilda chop bo‘lgan. Shundan so‘ng shoirning bolalar uchun «Aqlli bolalar» (1969, doston), «Senga nima bo‘ldi» (1970), «Bir cho‘ntak yong‘oq» (1990, saylanma) kabi bir qator she’riy to‘plamlari bosilib chiqdi. Ularda shoir bolalar qalbi va tuyg‘ulari tasviri orqali olamni, odamni bilishga, yaxshi-lik bilan yomonlikni farqlashga, halol va pokiza mehnatni ulug‘lashga intiladi.

Adib kattalar uchun ham bir qator salmoqli she’riy guldastalar yaratgan. Jumladan, «Sevaman» (1977), «Tuyg‘ular» (1980), «Sabot» (1983) kabi to‘plamlaridagi ko‘pchilik she’rlar o‘zining hayotiyligi va jozibaliligi bilan o‘quvchi qalbini zabt etgan. Shoir ana shu she’riy to‘plamlaridagi eng yaxshi she’rlarini va yangi yozilgan asarlari sarasini o‘zining «Haqiqatning ko‘zlari» (1988) saylanmasiga jamlab, talabchan o‘quvchisiga havola qilgan.

Miraziz A’zam haroratli, shijoatli publitsist hamdir. Uning madaniy-adabiy merosni ko‘z qorachig‘idek asrashga da’vat etuvchi bir qator maqolalari mavjud. Uning «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnalida bosilgan Hamza haqidagi so‘rovlarga javoblari, «Sharq yulduzi»da bosilgan «Amir bobomiz ufqlari»dagi muammoli maqolalari, «Sirli olam»da yil bo‘yi e’lon qilingan Murod O‘rozning «Turk asotirlari» kitobining tarjimasi kabi ishlari xalqaro Mahmud Koshg‘ariy mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Shuningdek, u N. Hikmat, Najib Hoji, Mahmat Osif, Badiuzzamon Ali Oqbosh, Urfon Kamol kabi o‘ttizdan ortiq turk adiblarining hikoya, she’r, roman, doston va risolalarini tarjima qilgan. U Turkiya adabiy jamoatchiligi e’tirofiga ham kiradi. 1993 yil dekabrida Turkiya yozuvchilari Birligi uni O‘zbekistondagi o‘zining tamsilchisi etib tayinladi.