Mirob
Mirob (arabcha, forscha)-suv taqsimoti va sug’orish tarmoqlarini nazorat qiluvchi shaxs. Qadimdan O’rta Osiyoda daryo vodiylari va dehqonchilik vohalarida sug’orish tarmoqlarining bosh to’g’onlarini tiklash, sohillar bo’ylab dambalar o’rnatish, sug’orish tarmoqlarini loyqadan tozalash, suvni navbat bilan taqsimlash, ortiqcha suv va zaxobalarni zaxkashlar orqali partovlarga chiqarib yuborish kabi barcha suv xo’jaligi ishlari irrigatsiya va melioratsiyani yaxshi bilgan tajribali sohibkorlar boshchiligida amalga oshirilgan. O’rta Osiyo xonliklarida maxsus Miroblik lavozimlari bo’lgan. Masalan, Buxoro va Xiva xonliklarida XVI-XVIII asrlarda bosh vazir (otaliq), davlat nazoratchisi (miroxur) kabi oliy mansabdor shaxslar xonlikning bosh Mirobi unvoniga ega bo’lishgan. Bosh sug’orish tarmog’i-kanaldan asosiy sug’orish tarmoqlari (katta ariqlar)ga mirobboshi, katta ariqlardan qishloq ariqlariga ariq oqsoqoli (“arbob”), qishloq ariqlaridan shohariq va dahanalarga qishloq Mirobi (“jo’ybonlar”) suv taqsimotiga mas’ul bo’lgan. Miroblik avloddan-avlodga o’tgan. Mirobboshi xizmat haqi uchun davlat xazinasidan maosh olgan. Har yili kuzda shohariqlar Miroblari dehqonlardan hosildan mahsulot hisobida 1-2 g’alvir g’alla (“mirobona”) undirardi.