Mukammil Burhonov (1884-1938)

Mukammil Burhonov (1884, Buxoro — 1938, Toshkent) — Buxorodagi jadidlik harakati namoyandasi. 1910 yildan Yosh buxoroliklar tashkilotining a’zosi.

Buxoroda maktab va madrasalarni isloh qilib, yoshlarga zamonaviy ta’lim berishga harakat qilgan «Tarbiyai atfol» («Bolalar tarbiyasi») maxfiy jamiyatini tuzishda ishtirok qildi (1910 yil noyabr). O‘z uyida yashirin ravishda yangi usuldagi maktab ochdi (1912), savodsiz va chalasavodlar uchun kechki kurs tashkil qildi (1913).

Jadidlarga qarshi Buxoro amirining zulmi kuchaygach, Buxoroni tark etdi (1918). Amir hokimiyati ag‘darib tashlangach, BXSR adliya noziri, BXSRning RSFSR hukumati xuzuridagi muxtor vakili (1920—24).

20-ylar o‘rtalaridan boshlab siyosiy faoliyatni to‘xtatdi. Maqomchilar Ota G‘iyos va Ota Jaloddan ta’lim olib, jiyani Burhonov Mutavakkilga dastlabki musiqaviy tarbiya berdi.

Mukammil Burhonov 1937 yil qatag‘on qilindi va aka-ukalari bilan birgalikda 1938 yil 24 sentyabrda otib tashlandi.